Har bir oilada bir yurist boʻlsin, degan gap bor. Ammo qanday yurist? Qonun moddalarini yoddan biladigan, biroq odamning muammosini yecha olmaydiganmi yoki hayotni, hujjatni va insonni birdek tushunadiganmi? Shu savolga javob izlash Toshkent davlat yuridik universiteti tarixidagi bosh mavzu boʻlib keldi.

Universitet tarixi 1918-yilda Turkiston xalq universiteti qoshida ochilgan yuridik kafedradan boshlanadi. Mustaqillik arafasida, 1991-yil 15-avgustda Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida alohida institut tashkil etildi, 2013-yilda esa u universitet maqomini oldi. Bugun bu – mamlakatimizda yuridik kadrlar tayyorlash boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi.

Universitet hayotidagi eng katta oʻzgarish Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrdagi yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish toʻgʻrisidagi Farmoni bilan boshlandi. Unga koʻra, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi kurs talabalari uchun oʻquv dasturining 50 foizi auditoriyada, qolgan 50 foizi esa sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, notariat va konsalting tashkilotlarida oʻtiladi.

Bu qogʻozdagi reja emas. Shu tizim boʻyicha besh mingdan ortiq talaba amaliyot bazalariga taqsimlandi: ularning 2 200 dan ortiq talaba sud, prokuratura, ichki ishlar va adliya organlarida, 1 100 ortiq talaba advokatura va notariat tuzilmalarida tajriba orttirmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida dual taʼlim asosida 3 000 dan ortiq talaba amaliyot oʻtadi, 70 nafar tajribali advokat amaliy mentor sifatida 400 nafar talabaga biriktirildi. Universitetning hamkor tashkilotlar bazasi 120 tadan oshti.

Natija ham koʻrinmoqda: bir yil ichida bitiruvchilarning bandlik darajasi 69 foizdan 87 foizga koʻtarildi. Bitirishga tayyorlanayotgan talabalarning ish bilan taʼminlanish koʻrsatkichi esa oʻtgan dekabrdagi 18 foizdan sentabr oyiga kelib 60 foizga yetdi. Buning ortida yigirmadan ortiq karyera kuni va toʻrtta mehnat yarmarkasi turibdi.

Amaliy taʼlimning eng muxim koʻrinishi – yuridik klinika. Bu yerda talabalar tajribali ustozlar nazorati ostida aholiga bepul huquqiy yordam koʻrsatadi. Soʻnggi olti oyda klinikaga 3 000 ga yaqin murojaat kelib tushdi, ularning qariyb yarmi onlayn chat-bot orqali. Faoliyatga 400 ga yaqin talaba jalb qilindi.

Talabalar poytaxtning 54 ta mahallasida sayyor qabullar oʻtkazib, 500 dan ortiq fuqaroga maslahat berdi, «Street Law» loyihasi doirasida 25 ta maktabda 750 dan ziyod oʻquvchi bilan suhbat qurdi. Bunday tajriba yosh yuristga darslikdan oʻrganib boʻlmaydigan narsani – odam dardini eshitish va qonunni oddiy tilda tushuntirish koʻnikmasini beradi.

Universitetda «Raqamli huquq» hamda «Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik» bakalavriat yoʻnalishlari, «Korporativ huquq va boshqaruv» hamda «Master of Legal Administration» magistratura mutaxassisliklari ochildi. Yangi yoʻnalishlarga qabul xorijiy hamkor tashkilot bilan birgalikda IQ test orqali oʻtkaziladi, nomzodlardan chet tilini B2 darajada bilish talab etiladi.

Oʻquv jarayonining oʻzi ham oʻzgardi. Imtihonlarda onlayn nazorat va antiplagiat tizimi ishlamoqda, universitetning elektron taʼlim platformasi kiberxavfsizlik ekspertizasidan oʻtkazilib, milliy HEMIS tizimiga ulandi. Protsessual fanlar uchun virtual reallik texnologiyalari yordamida sud majlisi va tergov jarayonini modellashtirish imkonini beruvchi maxsus auditoriya tashkil etildi. Talabalarga koʻrsatiladigan 85 turdagi xizmat esa «yagona darcha» tamoyili asosida elektron shaklga oʻtkazildi.

Huquqiy taʼlim endi universitet ostonasidan emas, undan ancha oldin boshlanadi. Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida universitet huzuridagi yangi akademik litsey tashkil etildi.

Xalqaro eʼtirof ham ortib bormoqda. Universitet joriy yilning fevral oyida Buyuk Britaniyaning oliy taʼlimda sifatni taʼminlash agentligi (QAA) oʻtkazayotgan xalqaro institutsional akkreditatsiyaning navbatdagi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtdi; yakuniy baholash yil oxiriga rejalashtirilgan. Talabalarimiz nufuzli Jessup xalqaro tanlovida chorak finalga chiqib, bu bosqichga yetgan Markaziy Osiyodagi birinchi jamoa boʻldi. Grinvich universiteti bilan qoʻshma dasturlar boʻyicha shartnoma imzolandi, xorijiy talabalar soni ikki barobar ortdi.

Oldinda 2030-yilga qadar nufuzli QS reytingida huquq sohasi boʻyicha eng yaxshi 1000 ta universitet qatoriga kirish vazifasi turibdi. Ammo asosiy oʻlchov – reytingdagi oʻrin emas. Asosiy oʻlchov shuki, oddiy fuqaro adliya yoki boshqa huquqni muhofasa qilish organi eshigini qoqqanda uni qonunni ham, insonni ham tushunadigan yurist kutib olsin. Oʻttiz besh yillik yoʻlning maʼnosi aynan shunda deb hisoblaymiz.

 

Islambek RUSTAMBEKOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori,
yuridik fanlar doktori, professor