Oʻzbekiston sammitning ekologik xavf-xatarlarning oʻzaro chuqur bogʻliqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini ifoda etadigan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” degan bosh gʻoyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Bugungi uchrashuv oʻtgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomidir. Quvonarlisi shundaki, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim oʻzgarishlaridan ayri holda koʻrib chiqib boʻlmaydi.

Global isish surʼatlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq koʻtarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yoʻqoldi, yogʻingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi.

Global ekologik birdamlik zaiflashayotgani chuqur xavotir uygʻotmoqda. Deklaratsiyalar va daʼvatlar resurslar bilan mustahkamlanmayapti. Global iqlim oʻzgarishiga eng kam taʼsir koʻrsatayotgan mamlakatlar uning oqibatlari bilan yana yakka-yu yolgʻiz qolmoqda.

Xalqaro hamjihatlik, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq moliyalashtirish, ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalardan oʻz vaqtida, adolatli va toʻsiqsiz foydalanish imkoniyati bilan taʼminlanishida namoyon boʻlishi lozim deb qatʼiy ishonamiz.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarishga muvaffaq boʻldi. “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi, Iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy dastur bunday sheriklikka misol boʻla oladi.

Bugungi forumda “Markaziy Osiyo ekologik birdamligi” deklaratsiyasi, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladigan, 2030-yilgacha moʻljallangan Harakatlar dasturining qabul qilinishi umumiy ishimizga muhim hissa boʻlib qoʻshiladi.

Hurmatli hamkasblar!

Oʻzbekiston ekologik barqarorlikni shakllantirish boʻyicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

“Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda oʻrmonzorlar barpo etilib, yangi “yashil belbogʻ”lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining “Oʻrmonlashtirish va oʻrmonlarni tiklash boʻyicha harakatlar oʻn yilligi” rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Suvni tejash borasidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlar natijasida biz yiliga 10 milliard kub metr suvni iqtisod qilmoqdamiz. Generatsiya quvvatlarimizda “yashil” energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy oʻn yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi. Biz Parij bitimi boʻyicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardik va oldimizga yangi maqsad – ularni 2035-yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qoʻydik.

Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish boʻyicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo davlatlari iqlim va ekologiya muammolari qarshisida, xavf-xatarlarni yangi oʻsish nuqtalariga aylantirgan holda, hamkorlikda harakat qilishi lozim.

Shu munosabat bilan bir qator aniq takliflarni taqdim etmoqchiman.

Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini taʼsis etish mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam boʻladi deb hisoblayman.

Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan “yashil” moliyalashtirishning qoʻshma operatoriga aylanishi mumkin.

Ikkinchi. Oʻzbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Choʻllanishga qarshi kurashish, qurgʻoqchilikning oldini olish hamda qum va chang boʻronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etaman.

Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli boʻronlarni monitoring qilish boʻyicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.

Uchinchi. Texnologik oʻtish jarayonlarini tezlashtirish uchun “Markaziy Osiyo yashil savdo yoʻlagi”ni shakllantirishni taklif etaman.

Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni oʻzaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Toʻrtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam boʻlishi kerak.

Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish boʻyicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, oʻz navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.

Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi oʻzgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

Aminmanki, bu atlas mintaqadagi choʻllanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.

Oltinchi. Biologik xilma-xillikni saqlash uchun “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi boʻlishi mumkin.

Mintaqa “Qizil kitob”i yoʻqolib borayotgan turlarning shunchaki roʻyxatidan iborat boʻlib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.

Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik taʼlim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bokuda boʻlib oʻtgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlarimiz yoshlari ishtirokida Ekologiya boʻyicha maslahat qoʻmitasi tuzilgan edi. Ushbu qoʻmita platformasida 2027-yilda Oʻzbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazishni taklif etaman.

Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31-may – 5-iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentabr oyi oxirida esa Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumi boʻlib oʻtadi.

Sizlarni ushbu xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etishga taklif etaman. Aminmanki, ularning natijalari mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan amaliy tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga salmoqli hissa qoʻshadi.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Zamonaviy ekologik tahdidlar mamlakatlarimiz barqarorligini sinovdan oʻtkazmoqda.

Bugun qabul qilinayotgan hujjatlarning hayotga toʻliq tatbiq etilishi bizga nafaqat tabiatdagi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga samarali moslashish, balki ularni texnologik yangilanish, iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy barqarorlikning kuchli omiliga aylantirish imkonini beradi.

Ishonchim komil, koʻp asrlik yaxshi qoʻshnichilik anʼanalariga tayangan va qatʼiy siyosiy irodamizni namoyon etgan holda, biz Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiramiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.