Kengash qaroriga muvofiq Senatning oʻn beshinchi yalpi majlisi 2026-yil 18-mayda oʻtkaziladi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar kiritilgan.
Elektron tijorat sohasini rivojlantirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uygʻunlashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish, madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir qonunlar ham senatorlar muhokamasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirish, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, yalpi majlisda parlament nazorati doirasidagi qator masalalar ham muhokama etiladi. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziriga qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament soʻrovlari yuborish masalalari muhokama etiladi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi eshitiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasini ham koʻrib chiqadi.