“Milliy jamoamizning AQSh va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida toʻp suradigan Kongo terma jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar orqali o‘ziga tajriba orttirdi, mundial nafasini his qildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi.
Milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda.
Lekin Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, – dedi Prezidentimiz.
Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishi taʼkidlandi. Eng avvalo, bolalar futboliga eʼtibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi.
Kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi.
“Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!”