Oliy sudda oʻtkazilgan brifingda qayd etilishicha, mazkur koʻrsatkich murojaatlarni quyi sudlarda joyida hal qilish imkoniyatlari kengaygani va aholi bilan muloqot samaradorligi oshganini koʻrsatadi.
Hisobot davrida Oliy sudga 7 ming 492 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 14,9 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarga kelib tushgan murojaatlar soni 16,4 foizga oshib, 14 ming 779 tani tashkil etgan. Eng katta oʻsish Surxondaryo (809 ta), Samarqand (701 ta), Toshkent shahri (683 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (337 ta), Qashqadaryo (304 ta), Navoiy (209 ta) va Namangan (179 ta) hududlarida qayd etilgan.
Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali yuborilgan 40 ming 386 ta murojaatdan 38 ming 233 tasi koʻrib chiqilib, 3 ming 725 tasi ijobiy hal etilgan.
Hisobot davrida Oliy sud fuqarolar qabulxonasiga 27 ming 152 nafar fuqaro murojaat qilgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan 10,5 foizga koʻp. Ulardan 10 ming 243 tasi ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilgan, 3 ming 466 nafari sud rahbariyati qabulida boʻlgan, 13 ming 443 nafari esa sud majlisi sanasi yoki murojaatlari holati boʻyicha maʼlumot olgan.
Oliy sud rahbariyati tomonidan birinchi yarim yillikda 3 ming 130 nafar jismoniy va yuridik shaxs vakili qabul qilindi. Shundan 2 ming 86 nafari Oliy sudda, 814 nafari sayyor qabullarda, 230 nafari esa videokonferentsaloqa orqali qabul qilingan. Sayyor qabullar Buxoro, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Andijon, Namangan, Fargʻona, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan.
Brifingda kelgusida sud qarorlari sifatini oshirish, ularni sodda va tushunarli tilda bayon etish, shikoyatlar sabablarini bartaraf qilish, sudyalar va sud apparati xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish, raqamli texnologiyalar hamda ochiqlik mexanizmlarini keng joriy etish ustuvor vazifalar etib belgilangani taʼkidlandi.