Mamlakatimizda avtomobilsozlik sohasi rivojiga katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu tarmoq yuqori qoʻshilgan qiymat, sanoat kooperatsiyasi, minglab ish oʻrinlari va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston avtomobilsozlik sanoati raqobat va isteʼmolchi manfaatiga yoʻnaltirilgan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻn yil avval avtomobil bozori deganda bitta ishlab chiqaruvchi va uzoq navbatlar tushunilgan boʻlsa, bugungi kunda “Chevrolet”, “BYD”, “KIA” va “Hyundai” kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda 5 ta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda “Volkswagen”, “Foton” va “JAC” zavodlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Eng muhimi, bu oʻzgarishlarni aholi bevosita his qilmoqda. Bozorda tanlov kengaydi, uzoq navbatlar barham topdi. Joriy yilda avtomobil savdosiga 20 ta bank jalb qilinib, avtomobillarning 95 foizi boʻlib-boʻlib toʻlash va qulay kredit tizimi orqali sotildi.

Ayni paytda qoʻshni davlatlar uchun ham avtomobil va butlovchi qismlar ishlab chiqarish rivojlanmoqda. Soha atrofida yangi kooperatsiya zanjirlari shakllanib, 10 mingdan ortiq yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlamoqda. 300 dan ziyod korxona “Chevrolet”, 40 ga yaqin korxona “KIA” va “BYD” uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda.

Taqdimotda avtomobilsozlikda ishlab chiqarish hajmini va band bo‘lganlar sonini 1 milliontaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yengil va tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hamda yigʻish boʻyicha koʻplab loyiha takliflari kelib tushayotgani Oʻzbekistonda qulay investitsiya muhiti va yuqori daromadli bozor shakllanayotganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, har bir loyiha bozor talabi va iqtisodiy samara asosida baholanishi, asosiy eʼtibor tashqi bozorlarda raqobatbardosh boʻlishga qaratilishi zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda “Volkswagen” avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi haqida axborot berildi. Rejaga koʻra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida yirik uzelli ishlab chiqarishni boshlash koʻzda tutilgan. Keyingi bosqichda Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida toʻliq siklda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport bozorlariga chiqish rejalashtirilgan.

Bugungi global vaziyat avtomobilsozlik sohasiga sezilarli taʼsir koʻrsatayotgani qayd etildi. Shu bois, texnologik mustaqillikni taʼminlash, innovatsiyalarni joriy etish va eksport hamda logistika cheklovlariga kamroq bogʻliq boʻlgan raqobatbardosh milliy mahsulotlar yaratish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Bu borada Andijon va Jizzaxda zamonaviy muhandislik maktablari ochilgani, yosh tadqiqotchilar va muhandislar shakllanayotgani, umuman, mahalliy mahsulotlarni kengaytirish va yakuniy mahsulot yaratish uchun zarur intellektual salohiyat mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu maqsadda “Oʻzavtosanoat” AJ tizimida Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati rivojlantirilishi belgilandi.

Sohadagi yana bir katta imkoniyat – ehtiyot qismlar bozori ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ehtiyot qismlar bozorini tartibga solish, mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, sertifikatlash tizimini takomillashtirish va zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etish zarurligi qayd etildi. 2026-yil yakuniga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Avtomobil ehtiyot qismlar bozorini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz avtomobilsozlik sanoati mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri ekanini taʼkidlab, sohada raqobatni kuchaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, milliy muhandislik maktabini rivojlantirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.