Yangi tartibga koʻra, qarzdorning bank kartalari hisoblarida kamida 680 ming soʻm miqdorida mablagʻ saqlab qolinishi mumkin.

Tegishli oʻzgartirishlar tijorat banklari faoliyatiga, xususan, ularning bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlarida qoʻyiladigan minimal talablarga oid nizomga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda mazkur loyiha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Hujjat loyihasiga koʻra, kredit yoki kafillik majburiyatlari boʻyicha toʻlovlar mijozning alohida topshirigʻisiz undirilgan hollarda, bank qarzdorning barcha bank kartalari hisoblarida eng kam ish haqining yarmiga teng mablagʻni saqlab qolishi lozim boʻladi. Hozirgi kunda eng kam ish haqi 1 million 360 ming soʻm etib belgilangan boʻlib, uning yarmi 680 ming soʻmni tashkil qiladi.

Yaʼni, taklif maʼqullanib, amaliyotga joriy etilsa, kredit qarzdorligini undirish jarayonida fuqaroning bank kartalaridagi barcha mablagʻlar toʻliq yechib olinishi cheklanadi. Bu esa qarzdorning kundalik ehtiyojlari uchun maʼlum miqdorda mablagʻ saqlanib qolishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Biroq mazkur talab shartnomada majburiy rekvizitlari koʻrsatilgan bank kartalariga hamda qarzdorlik boʻyicha toʻlovlarni undirish maqsadida bankning mobil ilovasiga ulangan kartalarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilanyapti.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq UZCARD avtomatik akceptsiz mablagʻ yechib olish xizmati shartlariga oʻzgartish kiritgan edi. Joriy yilning 15 aprelidan boshlab qarzdorlikni undirishda bank kartasida kamida 3 BHM miqdoridagi kamaytirilmaydigan qoldiq saqlab qolinishi belgilangan. Ammo ushbu qoida faqat UZCARD toʻlov tizimi doirasida amal qiladi.

Markaziy bankning yangi taklifi esa bunday cheklovlarni kengroq doirada, yaʼni tijorat banklari faoliyatiga qoʻyiladigan umumiy talablar darajasida belgilashni nazarda tutmoqda.

Mazkur tashabbus kredit qarzdorligini undirish jarayonida fuqarolarning minimal moliyaviy manfaatlarini himoya qilish, ularning hisobvaraqlarida kundalik hayot uchun zarur mablagʻ saqlanishini taʼminlashga qaratilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasida boʻlib, muhokama 14 sentabrgacha davom etadi.