Fanlar akademiyasida lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosiga kiritilgan özgartişlarning mazmun-mohiyatiga bağişlangan matbuot anjumanida şu kabi savollarga eʼtibor qaratildi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi, Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari, yetakçi tilşunoslar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari iştirok etdi.
Mutaxassislar taʼkidlaşiça, yangi Qonun milliy alifboni takomillaştiriş, imlo qoidalaridagi noaniqliklarni bartaraf etiş va özbek tilining raqamli texnologiyalar hamda kompyuter dasturlariga moslaşuvini yengillaştirişga qaratilgan.
Matbuot anjumanida fuqarolarni qiziqtirgan muhim masalalardan biri — mavjud hujjatlarni almaştiriş zaruratiga ham oydinlik kiritildi.
«Balki 10 yil, balki 15 yildan keyin qaysidir hujjatimizni almaştiriş muddati kelar. Hujjatlarning özini almaştiriş muddati kelmagunça, ularni qaytadan tayyorlaş majburiyati yöq. Heç qanday hujjatlarga majburiy tarzda özgartirişlar kiritilmaydi», — dedi Fanlar akademiyasi Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Maqsud Asadov.
Matbuot anjumanida yangilangan alifboga ötiş bosqiçma-bosqiç va fuqarolar uçun qulay tarzda amalga oşirilişi taʼkidlandi.
Qayd etilişiça, kiritilgan özgartişlar özbek tilining zamonaviy raqamli muhitda qöllanişini osonlaştiriş va yozuvdagi ayrim murakkabliklarni bartaraf etişga xizmat qiladi.