Yaqinda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda uning huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tashabbusi bilan “Renessans” kino uyida Madaniyat, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Kinematografiya agentligi, tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda ijtimoiy-maʼnaviy, maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Taniqli madaniyat va sanʼat xodimlari, mamlakat ziyolilari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirni oʻtkazishdan maqsad Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish va vazifalarni belgilab olish edi.

Bu yilgi istiqlol bayrami “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya ostida oʻtkaziladi. Ushbu gʻoya jamiyatni yanada jipslashtirish, milliy birlikni mustahkamlash, mamlakatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaratish yoʻlidagi navbatdagi zalvorli, dadil qadamlardan biridir. Shu maqsadda joriy yilning aprel-sentyabr ­oylarida ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy guruhlar tuzish hamda ular bilan birgalikda respublika boʻylab keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

“Renessans” kino uyida toʻplangan taniqli olimlar, ziyolilar “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani keng xalq ommasi orasida targʻib etishning samarali yoʻllari, bu borada oldinda turgan ishlar toʻgʻrisida kelishib oldi. Tadbir ishtirokchilarining “Millatni birlashtirish, yagona Vatan, yagona xalq boʻlishimiz uchun, eng avvalo, oʻzimiz birlashib olaylik!” degan fikrlari tadbirning bosh mavzularidan biriga aylandi.

Haqiqatan, xalqimizda “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” degan maqol bor. Biz mustaqillik yillarida nimaga erishgan boʻlsak, bularning bari birlashganimiz, oldimizga buyuk maqsadlar qoʻyib, ularni bajarish yoʻlida oʻzimizni safarbar eta olganimiz tufaylidir. Shu maʼnoda, tadbir ishtirokchilarining “Millat va Vatan manfaatlari yoʻlida qoʻlni qoʻlga berib birlashaylik!” degan chaqiriqlari butun jamiyat aʼzolari qalbiga yetib boradigan daʼvat boʻldi.

Ha, bugun dunyodagi vaziyat barchadan tinchlik, xotirjamlik, ezgulik yoʻlida birlashishni, oʻz milliy taraqqiyotini, kelajagini oʻylagan har bir millat va mamlakat tezroq, aniqroq harakat qilishini, bu yoʻlda milliy birlikka koʻproq eʼtibor berishni talab qilmoqda. “Boʻlinganni boʻri yer” maqoli ham bejiz aytilmagan. Bugun dunyoda sodir boʻlayotgan geosiyosiy vaziyat, ayrim yirik davlatlarning oʻz “ishtahalarini qondirish” yoʻlida hech narsadan qaytmasliklari dunyo hamjamiyatiga saboq boʻlishi kerak. 

Anjumanda ana shu fikrlar yanada balandroq yangradi. Ziyolilarimiz, maʼnaviy-maʼrifiy soha targʻibotchilari milliy mustaqilligimizning iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, gʻoyaviy-mafkuraviy poydevorini yanada mustahkamlash uchun umummilliy birlashuv zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Buning uchun esa keyingi yillarda mustaqillikni mustahkamlash, aholi farovonligini yanada oshirish yoʻlidagi tub islohotlar mazmun-mohiyatini jamiyat aʼzolari ongiga kengroq singdirish, kishilarda shukronalik kayfiyatini shakllantirish juda muhim ahamiyatga egadir. Shu bois, tadbir ishtirokchilari — barcha ziyolilar, olimlar, madaniyat va sanʼat xodimlari bir ovozdan xalq orasiga kirish zarurligini qayd etdi va “Biz yoʻlga chiqdik!” deya safarga otlandi.

Toʻyga toʻyona bilan

Xalqimiz ming yillar davomidagi taraqqiyoti bosqichida qanchadan qancha qadriyatlar yaratmadi deysiz. Jahonning turli millat va elatlari bu qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni koʻrib hayratga tushgani ham rost.

Ana shu qadriyatlar orasida toʻylarimiz alohida ahamiyat kasb etadi. Biz odatda toʻyga diqqat va sinchkovlik bilan munosabatda boʻlamiz. Uy-joylarimizni saranjom-sarishta qilamiz, hamma joyni tozalab, tartibga keltiramiz, keladigan mehmonlarga chin dildan, yurakdan xizmat qilamiz.

Yuqorida tilga olingan qarorda mamlakatimizning barcha tuman-shaharlariyu qishloq-ovullarida ilm-fan, taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish va ular ishtirokida keng koʻlamdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni oʻz ichiga olgan “Mustaqillik toʻyi” tadbirlarini oʻtkazish vazifasi belgilandi.

Darhaqiqat, bunday tadbirlar va ijtimoiy loyihalarning mustaqillik toʻyi sifatida nishonlanishiga ahd qilinishi xalqimizning dilidagi ish boʻldi. Gap shundaki, xalqimiz bunday toʻyni nishonlashga haqli. Chunki keyingi yillardagi keng koʻlamli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, vatandoshlarimizning bugungi kundan roziligi toʻy qilishga arziydigan voqelikdir.

Keling, fikrimizning dalili tarzida baʼzi misollarga murojaat qilaylik. Yaqinda Prezidentimiz joriy yil birinchi choragida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishda mazkur davr mobaynida yalpi ichki mahsulot 8,7 foiz, sanoat sohasi 8 foiz, xizmat koʻrsatish 16,1 foiz, qishloq xoʻjaligi 5,1 foiz oʻsgani qayd etildi. Eksport hajmi 5,8 milliard dollar, xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 milliard dollarni tashkil qilgani taʼkidlandi. Ayniqsa, yillik hisobda inflyatsiya ilk bor 7,1 foizga tushganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Axir bugun butun dunyoda iqtisodiy oʻsish surʼatlari pasayib borayotgan, millionlab odamlar oddiy turmush sharoitini yaxshilash, sifatli oziq-ovqat taʼminotini tashkil etishda jiddiy muammolarga duch kelayotgan bir paytda mamlakatimizning bunchalar ­darajada barqaror oʻsishi, rivojlanishi mustaqillik, ayniqsa, soʻnggi toʻqqiz-oʻn yillar mobaynidagi islohotlar natijasi emasmi?! Nega bu yutuqlarni bayram, toʻy qilmasligimiz kerak!

Shu oʻrinda yurtimizning barcha viloyatlari uchun xos boʻlgan yana bir misolni keltiraylik. Avvallari Fargʻona viloyati daromadining 70 foizi neft, kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobiga shakllangan. Keyingi yillarda viloyatda 8 milliard  200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushdi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion soʻm resurs berildi, 13 ming kichik va oʻrta korxona tashkil etilib, ularning soni 2 karra oʻsdi. Asosiysi, soʻnggi 4 yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi. Nima, bular toʻyga toʻyona emasmi?!

Yoki Toshkentda Islom sivilizatsiya markazi, Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirilganiga nima deysiz? Oʻtgan oy Margʻilonda ochilgan “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi katta toʻyga katta toʻyona emasmi?

Xoʻsh, yurtimizga, xonadonlarimizga toʻy qachon yarashadi? Qachonki daromadimiz koʻpayib, dasturxonlarimiz toʻkin-sochin boʻlsa, kelgan mehmonlarimizni munosib kutib olsakkina koʻnglimiz toʻq, dilimiz ravshan, kayfiyatimiz chogʻ boʻladi. Bularning bari xalqimizda ertangi kunga ishonchni yanada mustahkamlaydi, jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantiradi.

Anglamaganga anglatish kerak(mi)?

Bugun yangi Oʻzbekiston jamiyatida milliy birlik tobora mustahkamlanmoqda. Har bir fuqaro millat va mamlakat oldidagi masʼuliyatini sezmoqda. Bundan atigi toʻqqiz-oʻn yillar oldin jamiyat va mamlakat hayotidagi baʼzi nohaqliklar — moddiy taʼminotdagi qiyinchiliklar, ish bilan taʼminlash, taʼlim, uy-joy bilan bogʻliq masalalardagi eʼtiborsizliklardan norozi boʻlganlar jim turishga, yurishga majbur edi. Hozir esa bunday muammolarni ochiq aytishdan “iymanadigan”lar soni tobora kamayib bormoqda.

Yaxshini yaxshi deyish, illatning fazilatdan farqini bilish va uni tan olish ham katta mardlik. Afsuski, oramizda hali ham sobiq sovet davrini qoʻmsayotgan, oqni oq, qorani qora deyishni istamayotganlar uchrab turibdi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov koʻpchilikning koʻnglidagi fikrni aytdi: “Tan olishimiz kerak, bugun ziyolilarimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar, ijod jabhasidagi faoliyatimiz ishlab chiqarish sohasidagi yutuqlar darajasida boʻlmayapti. Oramizda oʻnlab, yuzlab davr qahramonlari boʻlsa-da, biz ularni topa olmayapmiz, ular haqida bor gapni ayta olmayapmiz. Mayda maishiy mavzularda ijod qilishdan qutula olmayapmiz”, dedi u. Haq gap. 

Oʻzbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli sanʼatkor Matyoqub Matchonov bugungi kunda oʻzbek sanʼatkorlari tomonidan milliy istiqlolimiz, xalqimizning qanday qiyinchiliklarni yenggan holda ozodlikka erishganini tarannum etadigan 25 dan ortiq film yaratilgani, bular kino sanʼati xodimlarining mustaqillik toʻyiga munosib toʻyonasi ekanini taʼkidlagan ­holda, hali bu borada bajaradigan ishlar koʻpligini qayd etdi. “Oʻzbek kinosi aynan keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi yoʻliga chiqib oldi, — dedi u. — Kinomiz moddiy taʼminoti tobora mustahkamlanib boryapti, kino sanʼati davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida. Biroq biz hali mamlakatimiz yetakchisi, xalqimiz tomonidan qoʻyilayotgan yuksak talablar darajasida ishlayotganimiz yoʻq. Ayniqsa, soʻnggi yillardagi islohotlar mazmun-mohiyatini jozibador kino sanʼati orqali kengroq targʻib qilsakkina biz toʻyga munosib toʻyona bilan borgan boʻlamiz”.

Ming afsuski, oramizdagi ayrim odamlar koʻrib koʻrmaganlikka, eshitib eshitmaganlikka, sezib sezmaganlikka oladi. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining baʼzi konservativ tarzda fikrlovchilar haqida aytgan quyidagi fikrlariga quloq tutishni maslahat bergan boʻlardik.

“...Bunday kimsalar islohot va yangilanishlarga ochiqdan ochiq qarshi chiqmaydi. Balki uni ichidan yoki tashqaridan buzish, obroʻsizlantirishga urinadi.

Arzimagan narsalardan, yaʼni “pashshadan fil”, kichik bir hodisa yoki juzʼiy kamchiliklardan fojia yasashga, baʼzi bir uquvsiz rahbarlarning bilib-bilmay yoʻl qoʻygan xatosidan butun Oʻzbekistonni, rahbariyatni obroʻsizlantirish, islohotlar jarayonini qoralashga, uni ortga qaytarishga harakat qiladi”.

Nazarimizda, ana shunday bir paytda ziyolilarimiz oʻzining aql kuchi, quvvai hofizasi, koʻngil quvvati bilan keng maydonga chiqishi kerak.

Tadbirda soʻz olgan taniqli olima, el sevgan shoira Sayyora Toʻychiyeva milliy taraqqiyotimiz natijasi, islohotlarimiz darajasi milliy ziyolilarimiz salohiyati, ularning millat va mamlakat taqdirida oʻynaydigan roliga bogʻliqligini taʼkidladi. U oʻzining “Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz” sheʼrida quyidagilarni yozadi.

Ey ilm-maʼrifat, nurlar birlashing,

Yuragida olovi borlar birlashing,

Ey Vatan tarixini bitayotganlar —

Allomai zamon, pirlar birlashing,

Birlashsak, el degan yorugʻ baxtdirmiz,

Yagona Vatanmiz, bitta xalqdirmiz!

Milliy mustaqilligimiz arafasida “Biz yoʻlga chiqdik!” deya katta toʻyga otlangan ziyolilarimizning erishgan va erishayotgan yutuqlarimizga shubha bilan qarayotganlarga aytadigan oʻz soʻzlari bor. Yurtimizning tobora taraqqiy etib borayotgani, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallayotgani, bu nafaqat xalqimiz, balki talabchan xalqaro ekspertlar xulosalari ila tan olinayotgani isbot qilinmaydigan haqiqatdir. Bunday yutuqlarimiz sababini anglash har bir kishining vijdon amriga havola.

Targʻibotchi kim?

Bugungi global oʻzgarishlar, dunyoning shiddat bilan rivojlanib borishi, maʼnaviy tanazzul kuchayishi, jaholat, umumiy maʼnaviy-maʼrifiy, mafkuraviy saviya pasayishi tufayli oramizda turli tahdidlar oldida dovdirab qoluvchilar, buzgʻunchi gʻoyalarga aldanib, ularga ishonuvchilar ham borligini aslo unutib boʻlmaydi. Mamlakatimiz yetakchisi shunday yozadi: “...Biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beradimi?”.

Ushbu savolga javobni ham davlatimiz rahbarining oʻzi beradi: “Hayot yangicha fikrlash va ishlash, milliy “aql markazlari”mizni shakllantirishni talab etmoqda. Lekin, afsuski, dunyoda, ­yon-atrofimizda kechayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan va ommabop shaklda yetkazib berayotgan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam. Targʻibotning ilmiy asoslangan zamonaviy texnologiyalari va yangi shakllarini, tahdidlarga qarshi samarali kurash usullarini ishlab chiqadigan vaqt keldi, deb hisoblayman”, deydi. 

Ana shu vazifalarni ado etish maqsadida mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati taʼsis etilishini bu boradagi eng samarali ishlar sifatida qabul qilish mumkin.

Ushbu jamiyat rahbari Baxtiyor Husanovning taʼkidlashicha, bugungi kunda barcha hududlarda jamoatchilik asosida targʻibotchilar guruhlari tashkil etildi, ularga mazkur hududdagi eng bilimli, vijdoni pok, odamlar orasida muayyan insoniy va ijtimoiy nufuzga ega boʻlgan 1500 dan ortiq olim, ziyoli qabul qilindi. Ularning mehnati munosib tarzda taqdirlanib bormoqda. Hech shubhasiz, bu ishlar samarasini bermoqda.

Biroq yuqorida taʼkidlanganidek, bugun dunyodagi jiddiy oʻzgarishlar, ayrim mamlakatlar, mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatlar uchun kurashlar, gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlar jamiyat aʼzolaridan yuksak maʼnaviyat, kuchli eʼtiqod, siyosiy savodxonlikni talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi targʻibotchining ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasidagi muhim jihatlar quyidagilardan iborat boʻlishi kerak deb oʻylaymiz.

Birinchidan, biz yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans asoslarini qurishni oʻz oldimizga muhim vazifa sifatida tanlab olganmiz. Targʻibotchi esa ana shu strategik vazifaning tub mohiyatini anglamas ekan, ishlarimiz samarasiz boʻlib qolaveradi. Buning uchun esa targʻibotchi barpo etayotgan davlatimiz suveren, huquqiy, demokratik, ijtimoiy va dunyoviylik tamoyillari asosida qurilayotganini, mazkur masala konstitutsiyaviy mohiyatga egaligini bilishi lozim.

Inson manfaatlari har narsadan ustuvorligi, uning himoyasi davlat tomonidan kafolatlangani — bularning bari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanini oddiy misollar, tadbir oʻtayotgan hududdagi islohotlar, oʻzgarishlar misolida tushuntirish oʻzining samarasini beradi, albatta.

Shu oʻrinda bugungi yangi Oʻzbekistonda “inson — jamiyat — davlat” tamoyili hayotga jadal joriy etilayotgani, inson huquqlari kafolatlariga oid normalar soni 3,5 barobar oshib, 40 dan ortiq yangi konstitutsiyaviy huquq muhrlab qoʻyilganini targʻib qilish jamiyat sogʻlomligini taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligiga erishishda alohida oʻrin tutadi.

Ikkinchidan, targʻibotchi faoliyatining samarasi koʻp jihatdan tadbir ishtirokchilarining bilim saviyasi, salohiyatiga bogʻliq. Targʻibotchi sifatida oʻzimiz ham koʻp joylarda, uzoq qishloqlaru ovullarda, turli sharoitlarda boʻlishga toʻgʻri keladi. Baʼzan auditoriyaning xususiyatlarini ­eʼtiborga olmaslik, bildirilayotgan fikrning oʻta “akademik” tarzda bayon etilishi, hududiy oʻziga xosliklarning nazar-pisand qilinmasligi odamlarda haqli ravishda noroziliklar keltirib chiqargani guvohi boʻlganmiz.

Shu maʼnoda, har qanday tadbirda hududning, anjuman ishtirokchilari ijtimoiy kayfiyatini aniqlamasdan turib, “vaʼzxonlik” qilish aslo yaramaydi. Maktab oʻquvchisi, oliy taʼlim talabalari oldida soʻzlanadigan soʻz, bildiriladigan fikr qishloq va ovullardagi otaxon va onaxonlarga har doim ham tushunarli boʻlavermaydi. Bu, nazarimda, targʻibotchining “oltin qoida”siga aylanishi kerak. 

Targʻibotchi har bir tadbir juda katta masʼuliyatni talab etishi, oʻzi esa jiddiy imtihondan oʻtayotganini aslo yoddan chiqarishi mumkin emas. Eng muhimi, targʻibotchi oʻzining gapiga oʻzi ishonishi, uni tafakkur ila idrok etishi lozim.

Maʼruzachining oʻzi gapirayotgan gapga ishonmasligi uning eʼtiqodsizligi belgisidir. Oʻzi ishonmagan gap bilan birovning qalbiga kirish, unda voqea-hodisalarga ishonch uygʻotish mumkin emas. Targʻibotchining vazifasi insonni tafakkur qilishga undash, unda narsa yoki hodisaning mohiyatini tushunishga ragʻbat berishdan iborat boʻlishi lozim.

Uchinchidan, har qanday targʻibotchining muvaffaqiyati, avvalo, uning soʻz aytish sanʼati, nutq madaniyati, odamlarni ishontira olish qobiliyatiga bogʻliq. Pala-partish soʻzlash, mantiqsiz gapirish odamlarda bu tadbirdan bezish hissini uygʻotadi. Masala mohiyatini tushuntirishda haddan tashqari uzoq soʻzlash, mazkur masalaga aloqasi boʻlmagan holatlarni “qalashtirib tashlash” aslo odamlar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilinmaydi.

“Maʼnili soʻz — qisqa soʻz”ligini unutish mumkin emas. Buning uchun targʻibotchining soʻz boyligi koʻp boʻlishi lozim. Zero, kishida soʻz boyligi qanchalik koʻp boʻlsa, odam tilni qanchalik chuqur bilsa, uning ichki dunyosi shunchalik boy boʻladi. Fikr bildiruvchi oʻzining “bilagʻonligi”ni bildirish uchun qandaydir yangi soʻzlarni topishga harakat qilishi, xorijiy atamalardan foydalanishga urinishi uning salohiyatini anglatmaydi. Aksincha, biz qanchalar darajada oddiy xalq tilida gaplashsak, fikrimizni aniq tarzda bayon etsak, targʻibotimiz shunchalar tushunarli boʻladi.

Targʻibotchi soʻzining qudrati shu darajada balandki, u tinglovchi koʻngliga orom berish, qalbini rom qilish, ruhiyatini oʻzgartirish, eʼtiqodini mustahkamlash kuchiga ega. “Sen, — deydi buyuk mutafakkirlardan biri Xoja Samandar Termiziy, — sinov toshi bilan tekshirilgan xayolingdagi har qanday qimmatbaho tanga — soʻzning chuqur, yuksak maʼnoga ega ekaniga qatʼiy ishonch hosil qilishing uchun, yana bir marta tajribadan — mahak toshi imtihonidan oʻtkazganingdan keyingina bayon bozoriga olib chiq”.

Toʻrtinchidan, targʻibotchi aniq manbalar, ishonchli, tinglovchida shubha uygʻotmaydigan dalillar asosida suhbat qurishi zarur. Buning uchun esa u astoydil tayyorgarlik koʻrishi, dalil, maʼlumotlarni qayta-qayta tekshirishi, uning ishonarlilik darajasini belgilab olishi lozim boʻladi. Xato, yolgʻon misollar kishida nafaqat targʻibotchiga, ayni paytda davlat, uning tashkilotlari, rahbariyatga nisbatan ham norozilik kayfiyati shakllanishiga sabab boʻlishi mumkin.

Bugun turli ijtimoiy tarmoqlarda, internetda rang-barang maʼlumotlar, odamlarni hayratga soladigan dalil, raqamlar uchrayapti. Afsuski, ularning muayyan qismi feyk — asoslanmagan, yolgʻon maʼlumotlardan iborat. Shu oʻrinda targʻibotchining vazifasi “maʼlumotlar dunyosi”da adashib yurgan, u yoki bu masalada ishonarli, qatʼiy maʼlumotga ega boʻlmaganlarni toʻgʻri yoʻlga solishdir. Bu juda murakkab va qiyin ish, albatta.  

Targʻibotchi oʻz faoliyatida, nazarimizda, koʻproq dalillar, maʼlumotlar, raqamlarni solishtirish usulidan kengroq foydalanishi zarur. Masalan, sobiq sovet tuzumining eng manfur jihatlaridan biri odamlarda kambagʻalparvarlik sifatlarini shakllantirish edi. Bugun esa yurtimizdagi eng dolzarb vazifalardan biri xalqimizni kambagʻallikdan chiqarish boʻlmoqda.

Prezidentimiz “Xalqimizda “Kasalini yashirsang, istimasi oshkor qiladi”, degan dono maqol bor. Biz ancha yillar ana shu hikmatni unutib, “Oʻzbekistonda hamma birday toʻkis va farovon yashayapti”, degan gapga ishonib yashadik. Boshqalarni ham shunga ishontirishga urindik. Ammo oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Butun dunyo yurtimizdagi ahvolni koʻrib-bilib turibdi. Afsuski, vaqtida tegishli choralar koʻrilmagani oqibatida bu muammo ancha chuqurlashib ketdi.

Ortiq bunday yashab boʻlmas edi. Biz aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik mavjudligini birinchi marta ochiq tan oldik va yordamga muhtoj kishilarni ijtimoiy adolat tamoyili asosida qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni bartaraf etishni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgiladik”, deydi.

Targʻibotchi ana shunday ishonarli dalillarga suyangandagina yutuqqa erishishi mumkin. 

Beshinchidan, agar targʻibotchi tadbirlarda oʻzini haddan tashqari rasmiy tutadigan boʻlsa, bilingki, bu ham umumiy holatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Dalil, raqam, maʼlumotlarni qalashtirib tashlash, ularning izohiga beeʼtiborlik tinglovchini charchatadi, zeriktiradi. Shuning uchun tadbirlarda oʻzbek xalq ijodiyotidan namunalar, oʻrni kelganda, maqollar, turli rivoyatlardan misollar keltirish ham tinglovchi eʼtibori kuchayishiga olib keladi.

Yuqorida bildirilgan fikrlarni oʻqib turib, ayrimlar “Biz demokratik jamiyatda yashayotgan boʻlsak, oʻz yoʻlimizni oʻzimiz topa olish imkoniyatlari yaratilgan boʻlsa, targʻibotchilik kerakmi?” kabi iddaolar qilishi tabiiy hol. Biroq unutish aslo mumkin emaski, biz katta yoʻlning boshida turibmiz. Bu yoʻlda hali adashishimiz, chalgʻishimiz, turli ichki va tashqi “doʻstlarimiz” esa ataylab bizni “oʻz yoʻllariga” solishga urinishlari mumkin. Bu narsa bugun ham har qadamda uchramoqda.

Baʼzi fuqarolarimizdagi maʼnaviy mudroqlik, ular tafakkuridagi ojizlik, ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy masalalarni tahlil qilishdagi noʻnoqlik kabi holatlarning oldini olish biz uchun bugun dolzarb masalaga aylangan. 

Bugun mustaqillik bayrami, toʻyi arafasida turibmiz. Toʻyga toʻyona bilan borish milliy qadriyatimizga aylangan. Bu toʻyning qanchalar sermazmun oʻtishida, kishilar kayfiyatini yanada oshirishda, barchada shukronalik ruhiyatini shakllantirishda milliy ziyolilarimiz, targʻibotchilarimizning oʻrni beqiyos. Shuning uchun ham ziyolilarimiz — shoiru yozuvchilarimiz, olimlarimiz, madaniyat va sanʼat xodimlari yangidan yangi asarlar, ixtirolar bilan yoʻlga chiqdi. Xullas, biz yoʻlga chiqdik!.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor