Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fan­ga, olimlarimiz tadqiqotlariga juda katta eʼtibor qaratilayotir. Ilmiy salohiyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yangi av­lod tadqiqotchilarini ragʻbatlantirish bo­rasida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Shu bilan birga, xalq iborasi bilan aytganda, fanimiz “yosharib”, uning safiga yangi kuch, yangi fikr va yangi nafas kirib kelmoqda. Suhbatimizni aynan shu yoʻnalishdagi oʻzga­rishlar tahlilidan boshlasak.

— Darhaqiqat, soʻnggi oʻn yilda olimlar hayo­tida, umuman, milliy ilm-fanimiz taqdirida chuqur va tizimli oʻzgarishlar yuz berdi. Jamiyat taraqqiyoti ilmga munosabat bilan chambarchas bogʻliq. Agar ilm eʼzozlansa, taraqqiyot mustah­kam boʻladi, agar eʼtibor susaysa, rivojlanish surʼati sekinlashadi.

Taxminan 2000-yillarga kelib, Fanlar aka­demiyasiga va umumiy ilm-fan sohasiga eʼtibor muayyan maʼnoda susayganini koʻramiz. Mazkur jarayonning eng asosiy koʻrsatkichlaridan biri moliyalashtirish tizimidagi oʻzgarishlar edi. 2000-yilga qadar Fanlar akademiyasiga qarashli institutlar va olimlar toʻgʻridan toʻgʻri davlat byudjeti hisobidan taʼminlanardi.

Biroq keyinchalik yangi tizim joriy qili­nib, moliyalashtirish loyihalar asosiga oʻtka­zildi. Yaʼni ilmiy jamoa innovatsiya grantla­rini yutib olsagina, moliyaviy taʼminotga ega boʻlardi. Bu, bir qarashda, raqobat muhitini yaratishga xizmat qilgandek tuyulsa-da, amalda qator murakkab muammolarni ham keltirib chi­qardi.

Masalan, bir institutda oʻnga yaqin labo­ratoriya va shuncha ilmiy maktab mavjud boʻlsa, ularning taqdiri loyiha yutish yoki yutmaslik­ka bogʻliq boʻlib qoldi. Loyiha yutib olganlar moliyalashtirildi, yuta olmaganlar esa qiyin ahvolga tushdi.

Natijada koʻplab ilmiy muassasalarda qis­qartirishlar boshlandi. Chunki loyiha tanlov­larida muayyan darajada subyektiv omillar mavjud edi. Kimdir tashabbuskorlik va tash­kilotchilik qobiliyati bilan koʻproq grant yuta oldi, kimdir esa sof ilm bilan shugʻullanib, bu jarayonda chetda qolib ketdi. Shular taʼsirida ayrim institutlar sezilarli darajada qisqar­di. Ilmiy xodimlar soni ham keskin kamaydi: agar avval Fanlar akademiyasi tizimida 4-5 ming atrofida tadqiqotchi faoliyat yuritgan boʻlsa, bu raqam keyinchalik qariyb ikki barobar kamaydi.

Qisqartirishdan esa tabiiy ravishda av­val yoshlar jabr koʻrdi. Chunki katta ilmiy  darajaga ega mutaxassislar saqlab qolinar, ilmiy yoʻlini endi boshlagan yoshlar esa tizimdan chetlashtirilardi. Bu fanning “qari­shi”ga, yaʼni yoshlar ulushi keskin kamayishiga olib keldi. Vaqt oʻtishi bilan Fanlar akade­miyasi koʻproq yoshi ulugʻ olimlar jamlangan muassasaga aylanib qoldi.

Agar 1995-yilda akademiya aʼzoligiga saylov boʻlib oʻtgan boʻlsa, keyingi saylov faqat 2017-yilga kelibgina oʻtkazildi. Yaʼni qariyb yigir­ma ikki yil davomida jarayon toʻxtab qoldi.

— Uzoq yillar davomida akademiklar saylovlari oʻtkazilmagani, ular soni qisqa­rib borgani ilmiy salohiyatning yuzaga chi­qishiga qanday taʼsir koʻrsatdi?

— Albatta, ilm-fan taraqqiyotida yoshlarning oʻrni beqiyos. Chunki inson yoshi ulgʻaygan sari tajriba orttiradi, ammo har kim ham yetmish yoshdan keyin faol ilmiy izlanish qilishi oson emas. Katta avlod vakillari rahbarlik qilishi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, ilmiy maktab yaratishi mumkin, lekin yangi gʻoya va qarashlar koʻpincha yosh­lar qalbida paydo boʻladi.

Shu bois, har qanday ilmiy muhitda avlod­lar uygʻunligi zarur. Ilmiy rahbarim, akade­mik Sarimsoqov bunday degan edi: “Agar ilmiy jamoada faqat qariyalar boʻlsa, bu — tragediya, faqat yoshlar boʻlsa, bu — komediya, agar barcha avlod vakillari jam boʻlsa, bu simfoniyadir”. Bu juda chuqur falsafiy fikr. Chunki ilm bir vaqtning oʻzida tajriba va shijoat, sabr va iz­lanish, anʼana va yangilik uygʻunligidir.

2012-yilda Matematika instituti direk­tori edim. Institutimiz Fanlar akademiyasi tarkibidan chiqarilib, Milliy universi­tet tasarrufiga oʻtkazilgan edi. Afsuski, bu jarayonda qator yirik ilmiy muassasalar — Yadro fizikasi, Fizika-texnika kabi institutlar ham jiddiy oʻzgarishlarga uchradi.

Bu muassasalar nafaqat ilmiy maktab, balki noyob texnik salohiyatga ham ega edi. Masalan, lazer qurilmalari, yadro reaktori kabi qimmatbaho va strategik ahamiyatga ega uskunalar mavjud boʻlgan. Afsuski, ayrim jihozlar chet davlatlarga berildi, reaktor esa boshqa tizimga oʻtkazildi. Vaholanki, bu obyektlar har bir davlatda ham uchramay­digan noyob ilmiy infratuzilma edi. Bir vaqtlar Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan yadro reaktori aynan yurtimizda joylashgani ham bejiz emasdi. Bu, oʻz navbatida, oʻzbek fizi­ka maktabining yuksak salohiyatidan dalolat berardi.

Yana bir misol — Parkentda barpo etil­gan katta quyosh pechi. Bu inshoot dunyoda atigi ikki davlatda — Oʻzbekiston va Fransiyada mavjud, ilmiy-texnologik jihatdan nihoyat­da muhim obyekt. Afsuski, muayyan vaqtlarda bu kabi noyob imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmadi.

2017-yildan boshlab davlatimiz rahbari­ning qator qaror va farmonlari qabul qili­nib, sohada tub burilish yasaldi. Ilmiy ins­titutlar qayta tiklandi, ularning maqomi va vazifalari qayta belgilandi. Matematika instituti ham yana Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarilib, oʻzining tarixiy nomi va maqomiga ega boʻldi. Bu, shubhasiz, ilm-fanga boʻlgan munosabatdagi tub burilish edi.

Albatta, infratuzilmani tiklash bi­rinchi qadam, eng katta muammo esa kadrlar bilan bogʻliq edi. Chunki oʻtgan yillar davo­mida koʻplab iqtidorli olimlar chet ellarga ketib qolgan, ayrimlari esa boshqa sohalar­ga oʻtib ketgandi.

— 2016-yil dekabr oyida Prezidenti­mizning akademiklar va olimlar bilan uchrashuvi jamiyatda katta aks sado ber­di. Ayniqsa, bu ilmiy jamoatchilik uzoq kutgan voqea boʻldi. Keyinchalik koʻplab muhim hujjatlar, jumladan, yaqinda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat doirasida qan­day ishlar amalga oshirilmoqda?

— Ha, bu haqiqatan ham nihoyatda muhim va tarixiy ahamiyatga ega qaror boʻldi. Qaror, avvalo, Fanlar akade­miyasining jamiyatdagi oʻrni va ro­lini qayta belgilab berdi. Ilm- fan faqat nazariy izlanishlar bilan cheklanib qolmasdan, unga mamlakat taraqqiyotining hara­katlantiruvchi kuchi sifatida qaraldi. Qaror doirasida oʻnga yaqin ustuvor yoʻnalish belgilab olindi. Jumladan, zamonaviy bio va nanotexnologiyalar, sunʼ­iy intellekt va kvant texnolo­giyalari yadroviy fan va radiatsion texnologiyalar, raqamli tabiat va toza suv, qayta tiklanuvchi energeti­ka, maʼnaviy meros kabi strategik so­halarga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa ilmiy izlanishlarning zamon talablari bilan uygʻunlashuvini taʼminlashga xizmat qildi.

Eng muhim yangiliklardan biri — ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni kuchaytirishga qaratilgan me­xanizmlar ishlab chiqilganidir. Chunki ama­liyot koʻrsatdiki, olimlar tomonidan yaratil­gan koʻplab ixtiro va takliflar sanoatgacha yetib bormay qolar, ishlab chiqaruvchilar esa oʻz muammolariga yechimni chet eldan izlashga majbur boʻlardi. Bu esa milliy ilmiy salo­hiyatdan toʻliq foydalanilmayotganini angla­tardi.

Shu bois, qarorda fan va sanoat oʻrtasi­da koʻprik vazifasini bajaradigan maxsus kengash tuzish nazarda tutildi. Ushbu ken­gash Prezident Administratsiyasi huzurida faoliyat yuritib, tarkibiga yetakchi olim­lar va sanoat vakillari kiritildi. Endi olimlar oʻz ishlanmalarini bevosita ishlab chiqaruvchilarga taqdim etadi, sanoat esa oʻz muammolarini ochiq bayon qiladi. Agar oʻzaro manfaatli kelishuvga erishilsa, loyihala­rini amalga oshirish uchun davlat tomonidan grantlar ajratiladi. Chunki har qanday ix­tironi amaliyotga joriy etish uchun muayyan vaqt va qoʻshimcha tadqiqotlar talab etiladi.

Aslida, bunday tizim ilgari ham mavjud edi. Sobiq ittifoq davrida har bir yirik ishlab chiqarish tarmogʻining oʻz ilmiy-tad­qiqot instituti boʻlib, u ilm va sanoatni bogʻlab turuvchi asosiy boʻgʻin vazifasini bajarardi. Keyinchalik bu tizim yoʻqolib ketdi. Natijada bugungi kunda olimlar sa­noatda qanday muammolar borligini toʻliq bilmaydi, ishlab chiqaruvchilar esa ilmiy yechimni qayerdan topishni anglab yetmaydi. Qarorda aynan shu masalaga alohida urgʻu be­rilgani bejiz emas.

Hujjatda yana bir muhim koʻrsatkich bel­gilab qoʻyildi: Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining kamida 60 foizini yoshlar tashkil etishi lozim. Ushbu maqsadga eri­shish uchun akademiyaga besh yil davomida har yili qoʻshimcha 140-150 ta shtat birligi ajratish belgilandi. Bu, oʻz navbatida, yosh kadrlarni jalb qilish va ilmiy muhitni yangilashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, qarorda oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni mustah­kamlash masalasi ham ilgari surildi. Chun­ki fan va taʼlim bir-birini toʻldiruvchi tizimlardir. Fanni goʻzal koʻl deb tasav­vur qilsak, oliy taʼlim uni toʻyintiruvchi daryolardir. Agar bu daryolar qurisa, koʻl ham sayozlashadi. Demak, ular oʻrtasida uzviy va doimiy aloqa boʻlishi shart.

Yana bir muhim yoʻnalish — xorijda faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni yurtimizga jalb qilish masalasi. Ilgari, afsuski, chet elga ketgan olimlarga nisbatan muayyan darajada salbiy munosabat mavjud edi. Hatto ayrim hollarda ularning qayti­shi ham murakkablashtirilgan. Masalan, sho­girdlarimdan ayrimlari AQSHga ketganidan soʻng qaytib kelishga ikkilanib yurardi.

Boshqa davlatlar tajribasiga nazar tash­lasak, masalan, Xitoy bunday vaziyatda mut­laqo boshqacha yoʻl tutgan. Ular ommaviy ra­vishda yoshlarni xorijga taʼlim olish uchun yuborgan va ularning qaytishi yoki qolishi­ga qattiq cheklov qoʻymagan. Natijada bugun dunyoning yetakchi universitetlarida faoliyat yuritayotgan olimlarning katta qismi xitoy­liklardan iborat.

Shu nuqtayi nazardan, biz ham chet elda bilim olayotgan yoshlarimizni qoʻllab-quv­vatlashimiz, ular bilan aloqani mustah­kamlashimiz va milliy taraqqiyotga jalb etishimiz zarur. Chunki haqiqiy boylik ta­biiy resurslar emas, balki inson kapitali, yaʼni bilimli, tafakkurli va tashabbuskor avloddir.

— Ilmiy salohiyat masalasiga ham toʻxtalib oʻtsangiz. Aytaylik, oʻn yillar avval ayrim tadqiqotlarda Oʻzbekiston­ning ilmiy salohiyati ancha sust boʻlib qolgan edi. Bu holatni qanday izohlash mumkin? Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar­ning hayotiyligi, dolzarbligi va amaliy ahamiyati nuqtayi nazaridan fundamental va amaliy fanlar oʻrtasidagi murakkab bogʻliqliklar haqida fikr bildirsangiz.

— Bu juda oʻrinli va muhim savol. Ilm- fan tabiatan ikki yoʻnalishga — fundamen­tal va amaliy sohalarga ajratiladi. Ular oʻrtasida aniq chegara yoʻq, balki bir-birini toʻldirib boradigan, oʻzaro bogʻliq tizim sifatida namoyon boʻladi. Fundamen­tal fan haqiqatni izlash, tabiat va koinot qonunlarini anglashga qa­ratilgan chuqur tafakkur mahsuli boʻlsa, amaliy fan shu bilimlar­ni hayotga tatbiq etish vositasi­dir.

Koʻpincha jamiyat tez natija beruvchi tadqiqotlarga koʻproq eʼtibor qaratadi. Bu tabiiy, chunki iqtisodiyot va sanoatga tezkor yechimlar zarur. Biroq fundamental fanning qimmati shundaki, uning samarasi darhol koʻrinmasligi mumkin, ammo vaqt oʻtishi bilan u butun sivilizatsiya taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi.

Men buni koʻpincha matematika mi­solida tushuntiraman. Masalan, matema­tikada Yevklid geometriyasi mavjud. Unga koʻra, bir toʻgʻri chiziqdan tashqarida joy­lashgan nuqta orqali faqat yagona parallel (yaʼni berilgan chiziq bilan kesishmaydigan) chiziq oʻtkazish mumkin. Asrlar davomida olimlar bu qoidani isbotlashga uringan, ammo natijaga erisha olmagan.

XIX asrda esa Nikolay Lobachevskiy maz­kur qarashni qayta koʻrib chiqib, “Bu isbotla­nadigan teorema emas, balki aksioma boʻlishi kerak”, degan xulosaga keldi va noyevklid geo­metriyasini yaratdi. Unda bir nuqta orqali cheksiz koʻp parallel chiziqlar oʻtkazish mum­kin. Keyinchalik Bernxard Riman yana bir yangi geometriyani taklif qildi — unda esa umuman parallel chiziqlar mavjud emas.

Bu nazariyalar yaratilgan paytda ularning amaliy ahamiyati tushunarsiz boʻlgan, hatto baʼzilar tomonidan “keraksiz” deb baholan­gan. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu gʻoyalar butun fan va texnologiya rivojiga zamin yaratdi. Masalan, Riman geometriyasi Albert Eynshteyn tomonidan yaratilgan nisbiylik na­zariyasida qoʻllanildi. Lobachevskiy geomet­riyasi esa bugungi kunda sunʼiy yoʻldoshlar orqali joylashuvni aniqlash — GPS texno­logiyalarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Misollardan koʻrinib turibdiki, fun­damental fan koʻpincha oʻz samarasini oʻn­lab, hatto yuzlab yillardan keyin beradi. Shuning uchun har qanday ilmiy gʻoyani “ho­zircha foydasi yoʻq” deb chetga surish kelajak imkoniyatlaridan voz kechish bilan barobar.

Ilmiy salohiyat masalasiga kelsak, bu fa­qat raqamlar bilan oʻlchanadigan koʻrsatkich emas. U jamiyatning bilim darajasi, ilmiy muhit sifati, kadrlar tayyorlash tizimi va innovatsion fikrlash qobiliyatining uygʻunli­gidir. Agar mamlakatda ilmiy salohiyat yuqori boʻlsa, investorlar uchun ham muhim signal boʻ­ladi. Chunki har qanday investor yangi texnolo­giya olib kirishdan oldin bunday savol qoʻyadi: “Bu yerdagi mutaxassislar yangi texnologiyani tushuna oladimi?”. Agar javob ijobiy boʻlsa, u eng zamonaviy uskunalarni olib keladi. Aks holda, eski, samaradorligi past texnologiyalar bilan cheklanishi mumkin.

Shu maʼnoda, ilm-fan nafaqat maʼnaviy, balki iqtisodiy kuch hamdir. Bilimli ja­miyatni aldash qiyin, chunki u har bir qarorni tahlil qiladi, har bir texnologiyani anglay­di va tanlay oladi. Ilmiy salohiyati yuqori mamlakat esa doimo raqobatbardosh boʻladi.

— Yosh olimlar va umuman, sohaga kirib kelayotgan yoshlar haqida toʻxtaldingiz. Bu­gungi kunda ularning salohiyatini yuk­saltirish, ilmga jalb etish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

— Bu juda dolzarb savol. Chunki haqiqat shundaki, fan yoshlarsiz rivojlana olmaydi. Ilm doimiy yangilanish, yangi qarash va yangi tafakkur demakdir. Bu esa, avvalo, yoshlar orqali namoyon boʻladi. Shuning uchun eng birinchi vazifa yoshlarda ilmga qiziqishni shakllantirishdir.

Soʻnggi oʻn yillikda jamiyatimizda mu­him bir oʻzgarishni kuzatyapmiz: ota-onalar farzandlarini ilmli qilishga, ularni zamo­naviy fikrlaydigan inson etib tarbiyalash­ga jiddiy eʼtibor qarata boshladi. Buning asosiy sabablaridan biri davlatimiz rahba­ri tomonidan ilm-fanga berilayotgan yuksak eʼtibordir. Chunki jamiyatda qaysi soha qadr­lansa, yoshlar aynan shu yoʻnalishga intiladi.

Yoshlarni ragʻbatlantirishda olimpia­dalar tizimi ham muhim oʻrin tutmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga juda katta mukofotlar berilayotgani tarixiy yangilik desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Masalan, oltin, kumush va bronza medal sohiblariga katta miqdorda pul mukofoti, ularning ustozlari­ga ham munosib ragʻbat berilayotgani yoshlarda ishonch va intilishni kuchaytirmoqda. Bir jihatdan qaraganda, bu mehnat va isteʼdod qadrlanayotganining yorqin namunasidir.

Shu bilan birga, oliy taʼlim qamrovi kengaygani ham muhim omil boʻldi. Bugungi kunda yoshlarning oliy taʼlimga kirish im­koniyatlari ancha oshdi, yangi universitetlar, xorijiy oliygohlar filiallari ochildi. Bu esa bilim olish yoʻllarini kengaytirdi va raqobat muhitini shakllantirdi.

Biroq har qanday jarayonda boʻlgani kabi bu yerda ham masalaning ikkinchi tomoni mavjud. Ayrim hollarda taʼlim tizimida tijoratlashuv alomatlari kuzatilmoqda. Yaʼni baʼzi oliygohlar bilim berishdan koʻra, koʻproq talabani jalb qilish va mo­liyaviy manfaatni ustuvor qoʻyayotgani sir emas. Ayniqsa, iqtisodiyot, chet tillar, hu­quq kabi ommabop yoʻnalishlarda bu holat koʻproq uchraydi.

Masofaviy taʼlim shakllarining keskin koʻpayishi oʻziga xos savollarni keltirib chi­qarmoqda. Albatta, bu zamon talabi, muayyan maʼnoda qulaylik yaratadi. Ammo taʼlim si­fati masalasi doimo ustuvor boʻlib qolishi kerak. Chunki vaqt oʻtib, talaba mehnat bozo­riga chiqqanda uning haqiqiy bilimi namoyon boʻladi. Hayot — eng adolatli mezon.

Kadrlar masalasi ham muhim jihatlar­dan biri. Ayrim nodavlat oliygohlar yuqori maosh taklif qilib, davlat universitetla­ridagi malakali oʻqituvchilarni jalb qil­moqda. Bu, tabiiyki, raqobatni kuchaytiradi, ammo ayrim davlat oliygohlarida ilmiy-pe­dagogik salohiyat pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, yangi taʼlim muas­sasalarida tahsil olayotgan talabalarning bilim darajasi har doim ham yuqori emasli­gi kuzatiladi. Bu esa taʼlim sifatiga jid­diy eʼtibor qaratishni talab etadi.

Menimcha, mazkur muammolarni hal etish uchun aniq mexanizmlar joriy etish zarur. Masalan, taʼlim muassasalariga litsenziya yoki sertifikat berishda ularning faoliya­tini muayyan muddatdan keyin qayta baholash amaliyotini joriy etish mumkin. Talabalar bilimini mustaqil sinovlar orqali tekshi­rish, natijalarga qarab tegishli xulosalar chiqarish lozim. Chunki eng katta yoʻqotish yoshlarning umri va ishonchidir.

— Olimlarning vijdoni haqida toʻx­taldik. Umuman, haqiqiy olim qanday fa­zilatlari bilan ajralib turishi kerak? Uning ilmiy va insoniy sifatlari haqi­da nima deysiz?

— Bu juda nozik va muhim masala. Chunki olim faqat bilim egasi emas, balki jamiyat uchun maʼnaviy namuna hamdir. Ilm nafa­qat aql mahsuli, u insonning ichki dunyosi, vijdoni va masʼuliyati bilan ham chambar­chas bogʻliq.

Olimlar turlicha boʻladi. Ayrimlari il­miy jihatdan juda kuchli, katta natijalarga erishadi, ammo atrofida shogirdlar shakl­lanmaydi.

Yana shunday olimlar borki, ular oʻz bi­lim va tajribasini shogirdlariga sidqi­dildan oʻrgatadi, ularni ilmiy izlanishga chorlaydi. Aynan shunday ustozlar atrofi­da ilmiy maktab shakllanadi. Ilmda yakka­hokimlik emas, balki jamoa boʻlib ishlash samarali. Chunki fikrlar toʻqnashuvi, bahs- munozara va hamkorlik orqali haqiqatga yaqinlashiladi. Shogird esa nafaqat oʻrga­nuvchi, balki koʻp hollarda ustoziga ham­fikr, yelkadosh boʻladi.

Olimning qanday boʻlishi koʻp jihatdan uning sohasiga ham bogʻliq, albatta. Lekin barcha sohalar uchun umumiy bir haqiqat bor: olim, avvalo, oʻz fanining fanati boʻ­lishi kerak. Yaʼni u ilmni kasb emas, balki hayot mazmuni sifatida qabul qilishi lozim. Ilmga muhabbat boʻlmasa, katta natijalarga erishish qiyin.

Shu bilan birga, olimda insoniy fazi­latlar — kamtarlik, halollik, sabr-toqat va haqiqatga sadoqat boʻlishi shart. Chunki ilm yolgʻonni qabul qilmaydi. Biror natijani sunʼiy ravishda koʻrsatish yoki soxtalashti­rish mumkin, ammo vaqt oʻtib, haqiqat bari­bir yuzaga chiqadi.

Yana bir muhim jihat — shogird masala­si. Olimning ortidan uning ilmiy merosi­ni davom ettiradigan avlod qolishi kerak. Agar olim oʻzidan keyin maktab qoldirmasa, uning faoliyati muayyan maʼnoda uzilib qo­lishi mumkin. Shuning uchun haqiqiy olim nafaqat kashfiyot qiladi, balki insonni tarbiyalaydi.

— Hozirgacha ilm-fan haqida gapirga­nimizda, asosan, markaziy tizimga urgʻu berdik. Hududlarda ilm-fan rivoji qan­day kechmoqda? Ayniqsa, viloyatlar va hat­to tumanlarda universitetlar ochilayotga­ni qanday samara berishi mumkin?

Bu juda muhim masala. Chunki ilm-fan faqat poytaxt doirasida qolib ketmasligi, butun mamlakat boʻylab barqaror rivojla­nishi kerak. Soʻnggi yillarda aynan shu yoʻ­nalishda salmoqli ishlar qilindi. Xususan, Fanlar akademiyasining qator filiallari viloyatlarda tashkil etildi va ular mahalliy universitetlar bilan uzviy bogʻlandi.

Buning asosiy maqsadi — hududlardagi intellektual salohiyatni yuzaga chiqarish. Chunki har bir viloyatda iqtidorli yoshlar, malakali oʻqituvchilar bor. Ularga faqat im­koniyat va ilmiy muhit kerak. Shu nuqtai na­zardan, viloyatlardagi tajribali pedagoglar xohishiga qarab, akademiya tizimiga toʻliq yoki oʻrindoshlik asosida jalb qilinmoqda. Natijada bugun viloyatlardan ham kuchli fan doktorlari va ilmiy kadrlar yetishib chiq­moqda.

Hududiy ixtisoslashuv ham muhim jihat­lardan biri. Masalan, akademiyaning ayrim filiallarini muayyan yoʻnalishlarga ixti­soslashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, Termizda arxeologiya, Namanganda botanika, Samarqandda fizikaga alohida eʼtibor qara­tish koʻzda tutilmoqda. Bu har bir hududning tabiiy va ilmiy imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Natijada shu sohalarga qiziqqan iqtidorli yoshlar aynan oʻsha manzillarda jamlanib, ilmiy maktab­lar shakllanadi.

— Keyingi yillarda olimlarimiz ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish asnosida xalqaro maydonda ham zamona­viy yutuqlar bilan oʻz oʻrnini topmoqda. Bu borada qanday ishlar amalga oshiril­di va yana qanday natijalar kutish mum­kin?

Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston olim­lari xalqaro miqyosda tan olingan. Qator nufuzli ilmiy tuzilmalar, jumladan, Ja­hon fanlar akademiyasi kabi tashkilotlarga vatandoshlarimiz aʼzo boʻlib, faoliyat yurit­moqda. Bu ham milliy ilm-fan salohiyati­ning xalqaro eʼtirofidir.

Shuningdek, xorijlik olimlar bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy konferensiya va uchra­shuvlar orqali tajriba almashinuvi kuchay­moqda. Bu jarayon nafaqat yangi bilimlar olish, balki milliy ilm maktablarini dunyo­ga tanitish imkonini ham beradi.

Gumanitar fanlar sohasida salmoq­li ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliya­ti misolida tarixchilar, sharqshunoslar, matnshunoslar va boshqa mutaxassislar aj­dodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va targʻib etishda samarali mehnat qilmoqda. Bu esa milliy oʻzlikni anglash va maʼnaviy merosni tiklashda muhim aha­miyat kasb etadi.

Umuman olganda, bugungi kunda ilm- fan sohasidagi islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Eng muhimi, bu jarayon uzluksiz davom etishi kerak. Chunki ilm bir kunlik emas, balki avlodlar mehnati bilan yaratila­digan buyuk qadriyatdir.

— Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!