Qonunga ko‘ra, daxlsizlik va immunitet huquqiga ega shaxslar doirasi, ularga nisbatan ish yuritish tartibi hamda ushbu huquqlar buzilganligi uchun javobgarlik belgilandi. Bunda:
daxlsizlikka ega shaxslar: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari; inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman); bolalar huquqlari bo‘yicha vakil; sudyalar; prokurorlar, tergovchilar va surishtiruvchilar; advokatlar; Markaziy saylov komissiyasi a’zolari; Prezidentlikka nomzodlar (nomzodlik maqomida bo‘lgan davrda) va boshqalar. Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari esa ishdan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida — Prezident Administratsiyasida o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakati yoki harakatsizligi uchun daxlsizlikka ega bo‘ladi;
immunitetga ega shaxslar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti; Prezident Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila a’zolari; Prezident Administratsiyasining boshqaruv xodimlari — Prezident Administratsiyasida o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq holda qabul qilgan qarori, sodir etgan harakati yoki harakatsizligi yuzasidan. Parlament a’zolari esa ovoz berish va fikr bildirish uchun immunitetga ega bo‘ladi;
ushlab turish taqiqlanadi: daxlsizlikka ega shaxsni ushlab turish va huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelish mumkin emas, JPK 221-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha uch soatgacha ushlab turish hollari mustasno;
javobgarlikka tortish: daxlsizlikka ega shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli palata, Prezident yoki boshqa vakolatli organning roziligi talab etiladi. Masalan, deputatlar uchun — tegishli palataning, Prezident Administratsiyasi boshqaruv xodimlari uchun — Bosh prokurorning taqdimnomasi asosida Prezidentning yozma roziligi;
dalillar: daxlsizlik va immunitet talablari buzilgan holda olingan dalillar nomaqbul deb topiladi va ish materiallaridan chiqarib tashlanadi;
ma’muriy javobgarlik: daxlsizlikka ega shaxslarni sud tartibida ma’muriy javobgarlikka tortish faqat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi XXIII³ bobida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Immunitetga ega shaxslarga nisbatan sud tartibida ma’muriy jazo qo‘llash mumkin emas;
tezkor-qidiruv: daxlsizlikka ega shaxslarga nisbatan telefon so‘zlashuvlarini eshitish va xat-xabarlarni kuzatish faqat sud qarori yoki Bosh prokurorning yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Daxlsizlik va immunitet huquqlarini buzish uchun jinoiy javobgarlik:
Konstitutsiya yoki qonunga muvofiq daxlsizlikka ega shaxsni bilib turib qonunga xilof ravishda ushlab turish, majburiy keltirish yoki unga nisbatan tergov harakatlarini amalga oshirish, shuningdek bunday harakatlarga buyruq yoki topshiriq berish:
– muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
– takroran, guruh bir tilga kelib, zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, dalillarni soxtalashtirib yoxud qamoqqa olish yoki jinoiy javobgarlikka tortish orqali sodir etilsa — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Prezident Administratsiyasi mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rni Davlat budjeti hisobidan qoplanadi, ularga nisbatan regress huquqi qo‘llanilmaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.