Tashrifda Fanlar akademiyasi prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Shavkat Ayupov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib Shamansur Saʼdullayev, V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor oʻrinbosari, akademik Oʻtkir Roziqov va boshqa akademiklar ishtirok etdi.

Mehmonlarga Buxoro davlat universitetida amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari, ilmiy-innovatsion loyihalar hamda yangi barpo etilayotgan zamonaviy kampus haqida maʼlumot berildi. Akademiklar talabalar va yosh olimlarning ilmiy-ijodiy ishlari hamda innovatsion loyihalari bilan ham tanishdi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Buxoro boʻlinmasi faoliyati ham oʻrganildi.

Boʻlinma rahbari Durdimurod Durdiyev fundamental va amaliy tadqiqotlar, ilmiy yoʻnalishlar hamda yosh tadqiqotchilarning izlanishlari haqida maʼlumot berdi.

Muloqotda boʻlinmaning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy maktablarni rivojlantirish, yosh matematiklarni fundamental tadqiqotlarga jalb etish va akademik ilm-fan bilan universitet tadqiqotlari integratsiyasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham fikr almashildi.

Shuningdek, zamonaviy iqtisodiyot, mehnat bozori va sunʼiy intellekt masalalariga bagʻishlangan ilmiy nashrlar taqdimoti oʻtkazildi.

Jumladan, akademik K.X. Abdurahmonovning “Labor Economics in the Era of Artificial Intelligence” nomli ingliz tilidagi darsligi hamda K.X. Abdurahmonov va professor N.Q. Zokirovaning “Sunʼiy intellekt davrida mehnat iqtisodiyoti” nomli darsligi taqdim etildi.

Tashrif yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Buxoro davlat universiteti oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma tadqiqotlarni kengaytirish, akademik ilm-fan va oliy taʼlim integratsiyasini kuchaytirish hamda yosh olimlarni ilmiy faoliyatga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.