Iqlim o‘zgarishi tufayli Grenlandiya muzliklarining erishi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda — bu jarayonning tezligi so‘nggi o‘n yilliklarda olti baravar oshdi, deb xabar beradi ScienceDaily.
Barselona universiteti olimlarining fikriga ko‘ra, ekstremal erish hodisalaridan ta’sirga uchragan maydon 1990 yildan beri har o‘n yilda taxminan 2,8 million kvadrat kilometrga oshgan. Shu bilan birga, erigan suv hajmi ham keskin oshdi: bunday hodisalar 1950 va 1990-yillar oralig‘ida har o‘n yilda o‘rtacha 12,7 gigaton suvni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1990-yildan beri 82,4 gigatongacha ko‘tarildi.
Eng kuchli erish hodisalarining aksariyati so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan. Eng muhim o‘nta hodisadan yettitasi 2000-yildan keyin, xususan, 2012, 2019 va 2021-yillarda qayd etilgan. Tadqiqotchilar bu hodisalar va hozirgi iqlim sharoitlarining misli ko‘rilmagan ekanini ta’kidlamoqda.
Olimlar bunday holatlarning har birining ta’siri kuchayib borayotganini ta’kidlashdi: 1990-yildan beri ekstremal hodisalar paytida erigan suv hajmi oldingi o‘n yilliklarga nisbatan 25-63 foizga oshdi. Bu nafaqat havo aylanishidagi o‘zgarishlar, balki haroratning ko‘tarilishining ham muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi.
Shimoliy Grenlandiya kuchli erishning yangi nuqtasiga aylanib borayotgani alohida tashvish tug‘diradi. Prognozlar shuni ko‘rsatadiki, asr oxiriga kelib, yuqori issiqxona gazlari chiqindilari ssenariysi ostida eng yuqori erish ko‘lami uch baravar oshishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari bunday o‘zgarishlar dengiz sathining ko‘tarilishidan tortib, dengiz sirkulyatsiyasidagi ehtimoliy uzilishlargacha bo‘lgan global oqibatlarga olib kelishini ta’kidlashmoqda, deb xabar berdi korrespondent.net.