Uning maydoni taxminan 76,4 kvadrat kilometrni tashkil etadi, deb xabar beradi Gizmodo.
Katta muz bo‘lagi Grenlandiya muzlik qalqonini Shimoliy Muz okeani bilan bog‘lab turuvchi Peterman muzligidan ajralib chiqqan. Olimlar bir necha yildan beri bu hodisa yuz beradi, deb hisoblashagan, chunki 2019-yildan buyon muzlikda beqarorlikdan darak beruvchi yoriqlarning paydo bo‘lishi va asta-sekin kengayishini kuzatib kelishgan.
Sputnik tasvirlari yakuniy uzilish 3-avgust kuni sodir bo‘lganini tasdiqladi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar jarayon davom etishi mumkin, deb hisoblamoqda. Ularning baholashicha, yaqin vaqt ichida muzlikdan yana kamida ikkita yirik bo‘lak ajralib chiqishi mumkin.
Yangi hosila “muzli orol” deb ataladigan kamyob aysberglar turiga kiradi. Ular katta maydoni va nisbatan tekis yuqori yuzasi bilan ajralib turadi. Bunday muzli orollar muz shelflari va suvda suzib turgan muzliklarining bir qismi uzilib ketishi natijasida hosil bo‘ladi.
Bunday muzli orollar Grenlandiyaning shimoli-g‘arbiy qismida, shuningdek, Kanadaning Elsmir oroli yaqinida uchraydi. Ular ajralib chiqqandan so‘ng okeanda yillab suzib yurishi, vaqt o‘tishi bilan yemirilib, kichikroq bo‘laklarga parchalanishi mumkin, deb xabar berdi korrespondent.net.