Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, ular «Ihlos Travel» va «Hikmat Travel» nomli xususiy turistik firmalar xizmatlaridan foydalangan holda «Ar-Riyod — Istanbul — Chimkent — Toshkent» yoʻnalishi orqali umra ziyoratini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Biroq, tomonlar oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani oqibatida ziyoratchilar chet elda qiyin holatda qolib ketgan.
Holat yuzasidan tegishli idoralar masʼullari ishtirokida muzokaralar oʻtkazilib, yuqoridagi firmalar mutasaddi xodimlari bilan suhbatlashilgan.
Natijada fuqarolarning tranzit hududida boʻlgan vaqtida oziq-ovqat, transport va boshqa zarur xizmatlar bilan taʼminlanishiga erishildi. Shuningdek, ziyoratchilarni kelishilgan yoʻnalish boʻyicha xavfsiz ravishda Oʻzbekistonga qaytarish ishlari toʻliq nazorat ostida amalga oshirildi.