Qonun loyihasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini xalqaro standartlar asosida yanada mustahkamlash, ularning odil sudlovdan to‘liq va teng foydalanishini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini manzilli va samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda. Xususan, qonun loyihasida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va «Kambag‘al oilalar reyestri» negizida shakllantirilgan «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona mexanizmini joriy etish taklif etilmoqda.

Unga muvofiq, ijtimoiy xizmatlar, nafaqalar, imtiyozlar va boshqa kafolatlar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi. Bundan tashqari, Soliq kodeksiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashni rag‘batlantiruvchi qator imtiyozlar kiritilmoqda.

Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilamoqda. Nogironligi bo‘lgan xodimlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni soliq bazasidan chegirish nazarda tutilmoqda.

Ya’ni, ota-ona farzandi uchun nodavlat bog‘cha va maktab ta’limi to‘lovlari bo‘yicha daromad solig‘idan beriladigan imtiyozlar o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetmagan shaxslarining oila a’zolari uchun to‘lanadigan to‘lovlarga ham tatbiq etiladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilayotgan korxonalar uchun, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar berish ya’ni taklif qilinmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalariga ortiqcha to‘langan nafaqalarni undirish yuzasidan sudga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilamoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligi ta’minlanadi. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.