Yangi pilot loyiha doirasida 40 nafar qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassisi Italiyaga mavsumiy ishga yuborilmoqda.

Ishtirokchilar ikki oy davomida italyan tilini oʻrganib, zarur tayyorgarlikdan oʻtdi. Ular 1 oktabrdan Italiyadagi SALVI tashkilotida meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohasida faoliyat yuritadi.

Mavsumiy mehnat fuqarolarga belgilangan muddat davomida qonuniy ishlash, daromad topish va xorijiy tajriba orttirish imkonini beradi. Mehnat shartlari yakunlanganidan soʻng ular Oʻzbekistonga qaytib, orttirgan bilim va koʻnikmalarini keyingi faoliyatida qoʻllashi mumkin.

Pilot loyiha natijalariga koʻra, kelgusida Italiyaga tashkiliy tartibda ishga yuboriladigan fuqarolar sonini bosqichma-bosqich oshirish hamda yangi mehnat yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.