Italiya ommaviy axborot vositalari tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, 56 yoshli diplomat 2024-yil dekabr oyida Oʻzbekistondagi Italiya elchixonasi rahbari sifatida faoliyat boshlaganidan soʻng viza boʻlimi ishini shaxsan nazorat qila boshlagan. Shuningdek, u Rossiyada tugʻilgan va Italiya fuqaroligiga ega boʻlgan Tatyana Tarakanovani viza jarayonlariga jalb qilgan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, ular Rossiya fuqarolariga Shengen hududiga kirish uchun uzoq muddatli turistik vizalarni qonun talablariga zid ravishda rasmiylashtirgan. Buning evaziga esa har bir arizachidan 4 ming yevrodan 16 ming yevrogacha pul olingani aytilmoqda. Rasmiy konsullik yigʻimlari esa odatda 45–60 yevro atrofida boʻladi.

Maʼlum qilinishicha, sxemada Moskvada faoliyat yurituvchi bir nechta turistik agentliklar ishtirok etgan. Tergovchilarning taʼkidlashicha, kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi Oʻzbekistonda yashash yoki konsullikka shaxsan kelib murojaat qilish kabi talablarsiz Italiya vizasini olgan.

Jinoyat ishi 2025-yil iyul oyida Italiya tashqi ishlar vazirligi inspeksiyasi ortidan boshlangan. Tekshiruv davomida koʻplab viza hujjatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Xususan, tekshirilgan 92 ta ishning 81 tasida ariza beruvchilarning elchixonaga shaxsan kelganini tasdiqlovchi maʼlumotlar boʻlmagan.

Tergov doirasida diplomatning mulki ham oʻrganilmoqda. Hozircha uning taxminan 3 million yevro miqdoridagi aktivlari tekshirilmoqda. Sobiq elchi bu mablagʻlar meros orqali qoʻlga kiritilganini aytgan.

Italiya moliyaviy politsiyasi hozirda 400 ga yaqin viza arizasi boʻyicha qoʻshimcha tekshiruvlarni davom ettirmoqda.