Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Yashnobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida guruhning faoliyati fosh etilgan.
Aniqlanishicha, jinoiy guruh Oʻzbekiston, Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon, Bahrayn, Qatar, Quvayt va boshqa davlatlarning 60 mingga yaqin fuqarosini onlayn qimor platformalariga jalb qilish uchun sharoit yaratib bergan.
Qizigʻi, ular oddiy tarzda emas, balki yirik kompaniyaga oʻxshash tartibda ishlagan. Binoda operatorlar, supervayzerlar, kassirlar, hisobotchi-analitiklar va menejerlar uchun alohida vazifalar taqsimlangan.
Guruh mijozlarni jalb qilishda maxsus dasturlar, shifrlangan aloqa vositalari va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalangan.
Tezkor tadbir vaqtida binodan serverlar, kompyuterlar, noutbuklar, mobil telefonlar, bank kartalari, SIM-kartalar, pul mablagʻlari va boshqa ashyoviy dalillar olingan.
Kompyuterlarni oʻrganish jarayonida yana bir muhim maʼlumot aniqlangan. Soʻnggi 6 oyda ushbu tuzilma orqali 4 million AQSH dollari miqdorida pul aylanmasi amalga oshirilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda 16 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda. Guruhning asosiy 11 nafar aʼzosi Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.
Shuningdek, jinoyatga masofadan turib xizmat koʻrsatgan boshqa shaxslar ham aniqlanib, ularga nisbatan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.