Endilikda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rasman Konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlandi. Markaz Angliya huquqi asosida, alohida huquqiy maqomga ega bo‘lgan hudud sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zining maxsus tartibga solish tizimi, mustaqil tijorat sudi hamda ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy muhitiga ega bo‘ladi.

Global investorlar, banklar, investitsiya fondlari va xalqaro moliya kompaniyalari aynan mana shunday shaffof mexanizmlar bilan ishlashga o‘rgangan. Mazkur yangi regulyatorlik ekotizimi xalqaro kapital, zamonaviy moliya xizmatlari va yirik transmilliy loyihalar uchun mamlakatimizning jozibadorligini oshirishi kutilmoqda.

Mohiyatan olganda, ushbu qonun jahon bozorining eng qimmatli aktivi — ishonchga investitsiyadir. Toshkent investorlar uchun tushunarli qoidalarni hamda kapitalning eng yuqori darajadagi himoyasini kafolatlagan holda, jahon moliya tizimining uzviy qismiga va butun mintaqa iqtisodiy rivojining yetakchi drayveriga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda.