Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nazariy asos solgan algoritmlar bugun global iqtisodiyot o‘zagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi.

Hozirgi dunyoda raqobat yillar yoki oylar bilan emas, balki daqiqalar va soniyalar bilan o‘lchanmoqda. Raqamlashtirishni ortga surgan, sun’iy intellektni o‘zlashtirmagan va innovatsiyalarga sarmoya kiritmagan davlatlar global rivojlanishdan orqada qolishi qayd etildi.

– Hayotimizning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shug‘ullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emas. Busiz kelajagimiz yo‘qligini barchamiz teran anglashimiz kerak, – dedi Prezident.

Joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar ko‘paydi, milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 5 million dollar bo‘lgan Prezident startap tanloviga start berildi.