Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga koʻrsatilayotgan davlat ijtimoiy xizmatlari koʻlami va turlarini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyatida ilk marotaba tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kompleks xizmatlarni bir joyda koʻrsatish imkoniyatiga ega.

U yerda 5 ta muassasa – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirilgan.

Majmua barpo etilishi hisobiga har yili Nurafshon shahri hamda unga yaqin boʻlgan Oʻrta Chirchiq, Piskent, Oqqoʻrgʻon va Boʻka tumanlarida 10 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Mazkur muassasada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga toʻlaqonli va mustaqil moslashishiga koʻmak beriladi.

Shuningdek, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali 5 turdagi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Natijada koʻp yillar uyida oʻtirib qolgan va nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻzgalar parvarishiga muhtojlar, nogironligi boʻlgan bolalar jamiyatga integratsiya qilinadi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari nogironligi boʻlgan shaxslarni yangi standart va sunʼiy intellekt yordamida tashxislash, Toshkent viloyat tajribasi asosida mahalladagi ijtimoiy xodimlarning yangicha ishlash mexanizmlari taqdimoti bilan tanishdi.

Prezidentimiz mazkur Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirar ekan, aholining muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatga munosib moslashishi hamda ijobiy ruhiyat bilan yashashiga koʻmaklashish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini taʼkidladi.

Shundan soʻng Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyatidagi “Inson” volontyorlari jamoasi bilan suhbatlashib, ularning loyihalari bilan tanishdi. Majmua faoliyatini ma’qullab, respublika bo‘ylab shunga o‘xshash hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirib, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini respublikada kamida 90 taga yetkazish maqsad qilingan. Bunda yangi markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi koʻp istiqomat qiladigan, transport qatnovi qulay hamda fuqarolar uchun yetib borish oson boʻlgan hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.