Prezidentimizning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Qarshi shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasi”ga asosan Qarshi shahrida brutto shartnoma tizimida xizmat ko‘rsatuvchi navbatdagi, ya’ni 38 dona zamonaviy avtobuslar tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan keltirildi. 

Mazkur jamoat transporti hisoblangan avtobuslarni foydalanishga topshirish jarayonida viloyat hokimi Murotjon Azimov, nuroniylarimiz, mas’ullar, tadbirkorlar va haydovchilar ishtirok etdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat rahbari avvalo mazkur xalqimizga qulaylik yaratadigan va xizmat ko‘rsatadigan ezgu ishlarning boshida davlatimiz rahbari turganliklarini ta’kidlab, bu zamonaviy avtobuslar yurtdoshlarimizning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilishida katta ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi. Shundan so‘ng, kalitlar haydovchilarga topshirilib, avtobuslarda yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishildi. 

Ma’lumot uchun, keltirilgan yangi avtobuslar “Qarshi shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasi”da belgilangan 2 ta yo‘nalishlarga joylashtiriladi. Natijada Qarshi shahrida brutto-shartnoma tizimida xizmat ko‘rsatuvchi avtobus yo‘nalishlari soni 14 tani va ularda harakatlanadigan avtobuslar soni 164 taga yetadi.