Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6 sentabrdan 7 sentabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumani Qovchin MFYning Arab qishlog‘i hududida ekopolitsiya inspektorlari tomonidan ekologik nazorat reydi o‘tkazilgan.
Reyd davomida Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan. Inspektorlar qonunbuzarlikni to‘xtatib, texnikani jarima maydoniga olib ketayotgan vaqtda huquqbuzarlar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Jumladan, davlat raqamisiz qora rangli «KIA K5», shuningdek, 70 K 413 AA davlat raqamli «Lacetti» va «Cobalt» avtomashinalarida kelgan shaxslar yo‘lni to‘sib, inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, jarima maydoniga olib ketilayotgan texnika vositasini olib qochgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan inspektor Bahrom Toshpo‘latov Qashqadaryo daryosidagi noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.
U shu hududda fuqarolardan biri tomonidan hushsiz holda topilib, shifoxonaga olib kelingan. Hozirda unga tibbiyot muassasasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.