Yaqinda poytaxtimizning Sergeli tumani hokimligi binosida “yagona darcha” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan yangicha ish shakli ayni yo‘nalish ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.
Bu yerda ichki ishlar idoralariga murojaat yo‘llash uchun o‘rnatilgan smart-qurilma tizimdagi eng so‘ngi yangiliklardan biri bo‘ldi. Ayni qurilma orqali Sergeli tumanidan yurtimiz va xorij fuqarolari uch–o‘zbek, rus va ingliz tilida mazkur tuman va Toshkeng shahar ichki ishlar boshqarmalari yoki Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismlariga to‘g‘ridan-to‘ri onlayn murojaat yo‘llashi mumkin.
– Qurilma orqali murojaat yo‘llash juda oddiy va oson, – deydi Toshkent shahar Sergeli tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi, leytenant Sabina Qahramonova. – Fuqaro dastlab murojaat tilini, keyin esa u yo‘llanadigan ichki ishlar idorasini tanlaydi. Biroz o‘tib ekranda navbatchilik qismi inspektori ko‘rinadi va unga murojaat qilinadi. Buni qabul qilib olgan soha xodimi esa masalani bartaraf etish uchun tegishli tartibda yo‘naltiradi. Aytaylik, murojaat Sergeli tumanidagi bironta mahallada sodir bo‘lgan jinoiy ishga doir bo‘lsa, o‘sha hudud ichki ishlari xodimi tezkor xabardor qilinadi va boshqa zarur choralar ko‘riladi. E’tiborli jihati, bu yerda fuqaro ichki ishlar xodimining ishi va muomala madaniyatini baholash imkoniga ham ega bo‘ladi.
Jamoatchilik vakillari mazkur smart-qurilma shunchaki hisobotlar tayyorlabgina qolmay, muammolarga reaksiya bildirish, ularni yechish vaqtini chindan ham qisqartirsa, bu – bir necha yillardan beri aytib kelinayotgan «elektron hukumat» sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘lishini ta’kidlashmoqda.
Ma’lumot uchun, yaqinda poytaxtimizning Sergeli tumanida bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday qurilmalarni odamlar gavjum joylar va bozorlarga o‘rnatish haqida ko‘rsatma bergan edi.
X. Salimov,
jurnalist