“Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur forum mamlakatimizda ilk bor tashkil etilmoqda.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi mas'ul tashkilot rahbarlari va vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert doiralar vakillari ishtirok etdi.
Forum ishiga Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, INTERPOL, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), Yevropa kiberta’lim tarmog‘i (ECTEG) hamda boshqa nufuzli xalqaro institutlar ekspertlarining jalb etilgani uning yuqori ekspertlik va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
“TASHKENT CYBERLEX – 2026” keng xalqaro vakillik tarkibi va ishtirokchilar geografiyasi bilan ham ahamiyatlidir. Forumda AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Singapur, Niderlandiya, Avstriya, Latviya, Isroil, Vyetnam, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan prokurorlar, sud ekspertlari, olimlar, huquqni muhofaza qilish organlari va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Xalqaro ishtirokchilar va ekspertlar soni forumning mintaqaviy emas, balki keng xalqaro muloqot platformasi sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Forumning yalpi majlisi “Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusiga bag‘ishlandi.
- Forum doirasida tashkil etilgan to‘rtta tematik sessiya raqamli huquq va kiberxavfsizlik sohasining eng dolzarb masalalarini qamrab olgan. Bular:
“Yuridik fan va ta’limdagi innovatsiyalar: kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellekt”;
“e-Crime: raqamli kriminalistikaning zamonaviy usullari va vositalari”;
“Sun’iy intellekt va jinoyat prosessi raqamli transformatsiyasi: taraqqiyot, xavf-xatarlar va shaxs huquqlarining kafolatlari”;
“Raqamli dalillar va kriptoaktivlar: aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik”.
“TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumi ilmiy muhokamalar bilan cheklanib qolmay, raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish sohasida innovasion yondashuvlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda kiberxavfsizlik va raqamli huquq sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim global platforma sifatida ahamiyat kasb etmoqda.