Tasavvur qiling: engil qadam, zo‘rga eshitiladigan mayin jarang, metallning nozik jilosi. O‘ngirmunchoq faqat yorug‘likda emas, balki tovush chiqarib ham jonlanadi. Bu qoraqalpoq an’anaviy libosining o‘ziga xos bezagi bo‘lib, kashtali ko‘krak qismining pastiga mahkamlanadi va butun libosga alohida ifoda hamda nafislik bag‘ishlaydi. Uning harakatlanuvchi osmalari — zanjirchalar va qo‘ng‘iroqchalar nozik jaranglab, bezakni go‘yo jonli harakatlanuvchi qismga aylantiradi.

O‘ngirmunchoq gumbazsimon yoki chodirsimon ko‘rinishda bo‘lib, an’anaviy aëllar bosh kiyimining shakli bilan uyg‘unlik kasb etadi. Uning islimiy naqshli bezaklarida ustaning nozik didi, shakl va hajm uyg‘unligiga intilishi yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘yma naqsh, sim bezak, donali bezak, zarhal bezak, shuningdek, firuza va marjon ulamalari — bularning barchasi murakkab badiiy obrazni ifodalaydi, undagi har bir qism alohida ma’no kasb etadi.

O‘ngirmunchoq faqat bezak emas. An’anaga ko‘ra, u turmushga chiqqan ayol timsoli bilan bog‘liq bo‘lib, himoya, farovonlik va hayot davomiyligi haqidagi tasavvurlarni aks ettiradi. Bu — go‘zallik, jarang va ma’no uyg‘unlashgan noyob buyum. O‘ngirmunchoqni ko‘rish — an’ana bardavomligini his qilish demak.

Bunday eksponatlarni dunyoga mashhur Igor’ Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida tomosha qilish mumkin.

— Ismim Orlando, Italiyadanman. 2023 yildan O‘zbekistonda gid bo‘lib ishlayman, — deydi suhbatdoshimiz. — 2024 yildan buyon Qoraqalpog‘istonga sayyohlik guruhlari bilan kelamiz hamda Nukus, Mo‘ynoq va Orol dengizi hududida bo‘lamiz. Bundan juda xursandman. Chunki biz O‘zbekistonning haqiqatan ham o‘ziga xos joylariga boryapmiz. Sayohat uchun juda ko‘p qiziqarli joylar bor: Nukusdan tortib, Mo‘ynoqgacha. Shuningdek, bu yerda Savitskiy muzeyi joylashgan bo‘lib, u juda go‘zal va noyob. Muzey tarixi ham, undagi suratlar ham o‘ziga xos.

Ochig‘i, O‘zbekistonning sayyohlar juda kam bo‘ladigan joylariga borish yoqimli. Masalan, Samarqand va Buxoro nihoyatda go‘zal shaharlar, lekin ba’zi mavsumlarda sayyohlar ko‘pligi sababli gavjum bo‘ladi. Shuning uchun bu yerda bo‘lish va kam sonli sayohatchilar orasida o‘zgacha tuyg‘ularni kashf etish juda maroqli.

Albatta, kelgan har bir sayyoh I. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyini tomosha qilmay ­ketmaydi. “Sahrodagi Luvr” deb nom olgan mashhur dargohning noyob, betakror va boy kolleksiyasini tomosha qilish uchun butun dunyodan turistlar Nukusga keladi. Ushbu maskan dunyoda qiymati jihatidan Sankt-Peterburgdagi Davlat Rus muzeyidan keyingi o‘rinda turadigan rus avangardi kolleksiyasiga ega. Unda arxeologik meros obyektlarining yirik kolleksiyasi, shuningdek, ­Markaziy Osiyo xalq amaliy va zamonaviy san’ati asarlari ham saqlanadi.

— Men milanlikman, bu yerga tasodifan kelib qoldim, — deydi o‘zini Marko deb tanishtirgan sayyoh. — Bu yer menda chindan ham ajoyib taassurot qoldirdi. Muzey — ajoyib, betakror san’at asarlari namoyish etilgan. Ushbu maskanni barpo etgan insonning muhabbati va fidoyiligi tarixi haqiqatan ham hayratlanarli. Bu yerda nafaqat go‘zal suratlarni, balki o‘tgan davrlar hayotini aks ettiruvchi juda qiziqarli tasvirlarni topasiz.

Ushbu muzey 1966 yili san’at arbobi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Igor’ Savitskiy tashabbusi bilan ochilgan. 1984 yilga kelib, unga musavvir nomi berilgan. 2011 yili ushbu muassasa “Turistlar nazariga tushgan muzey” diplomiga sazovor bo‘ldi. Joriy yilda muzey tashkil etilganining 60 yilligi nishonlanmoqda.

Bugun bu yerda 100 mingga yaqin eksponat saqlanyapti. Ulardan 2500 ga yaqini ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Xronologik jihatdan eksponatlar bronza davridan boshlab to hozirgacha bo‘lgan ijod namunalarini qamrab oladi. O‘zbek va rus rassomlarining 1920-1930 yillarda yaratilgan avangard yo‘nalishidagi asarlari muassasaning bebaho durdonalari.

Igor’ Savitskiy Qoraqalpog‘istonga ilk bor 1950 yilda Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasiga qo‘shilish uchun kelgan. Shundan so‘ng u O‘zbekistonda butunlay qolib ketdi. Markaziy Osiyoga taalluqli qoraqalpoq san’ati va hunarmandchiligi asarlarini, rassomlarning ijod namunalarini, shuningdek, o‘sha paytlarda sobiq ittifoq idoralari taqiqlagan rus avangardi asarlarini yiġa boshladi.

— Majmuamiz fondida 1920-1930 yillarda avangard rassomlar chizgan asarlar to‘plangan. Qoraqalpoq xalq ustalari tayyorlagan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik va boshqa asarlar amaliy san’at bo‘limimizda jamlangan, — deydi muzey mas’ul xodimi Aygul Pirnazarova. — Qadimiy Xorazm san’ati bo‘limi mahalliy arxeologik guruhlar qo‘lga kiritgan topilmalar hisobiga yanada boyimoqda. Tasviriy san’at bo‘limi to‘plamini serqirra qoraqalpoq rassomlari I.Savitskiy, K.Saipov, J.Quttimurodov, D.To‘raniyozov, Markaziy Osiyo rassomchiliginiнг keksa avlod vakillari A.Volkov, M.Kurzin, A.Nikolaev, N.Karahan, O‘.Tansiqboev va boshqalarning katta ahamiyatga ega asarlari tashkil etadi.

Qizil kiyimeshek

Muzey kollektsiyasida an’anaviy naqshlari bilan ajralib turadigan eng go‘zal ash’qlardan biri — qizil kiyimeshek saqlanadi. Bu bosh kiyim qizil movutdan tikiladi va yangi turmush qurgan kelinchakning asosiy liboslaridan. Uni ayollar to‘y kunidan boshlab kiygan. Shu sababli u muayyan darajada ayolning ijtimoiy maqomini ham ifodalagan.

Bosh kiyim uch qismdan iborat: kiyimeshek oldi — old qismi bo‘lib, to‘liq kashtalanib bezatilgan; pashayyi — ipak matodan tikilgan orqa qismi; kiyimeshek quyruq — ipak popuklar bilan bezatilgan dum qismi. Old qismi to‘liq murakkab kashta bilan qoplangan bo‘lib, unda geometrik, o‘simliksimon va zoomorf (hayvon shaklidagi) naqshlar tasvirlangan. Kompozitsiyaning markaziy elementi — rang-barang ipak iplar bilan tikilgan keng gorizontal “o‘rta qora” tasmasidir. Naqshlar hosildorlik, farovonlik va himoya timsolini ifodalagan. Qizil rang esa hayot, yoshlik va onalik ramzi bo‘lgan.

An’anaga ko‘ra, libosning ushbu qismini qiz bolaning o‘zi kashtalab tikishi kerak. Tikuv va kashtalash yumushlari turmushga chiqishdan ancha oldin boshlanib, ba’zan bir necha yil davom etgan. Har bir chevar o‘ziga xos rang uyg‘unligini tanlab, naqshlar orqali his-tuyg‘ularini, orzu va umidlarini ifoda etgan. Shu bois, har bir kiyimeshek uni tayyorlagan chevarning betakror uslubini aks ettirgan.

Bugun muzey to‘plamidagi qizil kiyimeshek nafaqat milliy libos turi, balki qoraqalpoq chevarlarining an’analarini, o‘ziga xos ramziy ma’nolarini va nozik badiiy mahoratini mujassam etgan haqiqiy xalq amaliy san’ati asari hisoblanadi.

— I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida saqlanayotgan amaliy san’at namunalarі, qatag‘on davri rassomlarining kartinalari, tarixiy maskanlardan topilgan necha asrlik ashёlar nafaqat mahalliy olimlarning, balki horijiy san’atshunoslarning ham e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda, — deydi ilmiy xodim Aqsungul Aytmuratova. — Horijlik ko‘pgina san’atshunoslar qoraqalpoq xalqining boy tarixiga e’tibor qaratib, uning betakror namunalarini yuqori baholadi va ularni o‘z mamlakatlarida namoyish etish istagini bildirdi.

Madaniy muassasa bir nechta horijiy mamlakatda ko‘rgazmalar tashkil etib kelmoqda. Asosiy maqsad xalqaro madaniy aloqalar va millatlar do‘stligini mustahkamlash bilan birga xalqimizning bebaho merosini va avangard davri rassomlarining kartinalarini butun dunyoga tanitish. Mazkur eksponatlar ko‘rgazmasi Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Italiya, Shveytsariya, Avstraliya, Germaniya, Niderlandiya, Rossiya kabi davlatlarda o‘tkazilib, chet ellik san’atsevarlar tomonidan qizg‘in kutib olingan va har bir ko‘rgazmaga bag‘ishlab katalog kitoblar nashr etilgan.

Muzeylar ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina bo‘lib, yillar davomida boyib, to‘lib boradi. Ular faqat madaniy qadriyatlar namoyishi bo‘lib qolmay, bizni o‘tmish sayohatiga chorlovchi yo‘lchi yulduz hamdir. Shu bois, har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, urf-odatlar, an’analar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganish va saqlashga intilishi tabiiy.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri