Raqobat qo‘mitasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi bo‘yicha tegishli qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Hududlar kesimida misollar:

Namangan viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan o‘rganishda, muassasa tomonidan 2026-yilning fevral, mart va aprel oylarida UZI apparati orqali ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha jami 416 nafar iste’molchidan navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan holda 34,3 mln so‘m mablag‘ asossiz olinganligi aniqlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq to‘lash naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin. Sotuvchining (ijrochining) haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi (modeli, artikuli), shuningdek bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar, xizmatlar uchun har xil narxlar (tariflar) belgilashi, shu jumladan ularni sun’iy ravishda oshirishi yoki pasaytirishi taqiqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun naqd pulsiz shaklda haq to‘langanda, iste’molchilarga rag‘batlantirishlar berilishi mumkinligi belgilab berilgan.

Samarqand viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2024–2025-yillar davomida belgilangan tartiblarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pullik tibbiy xizmatlar bo‘yicha 55,7 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi.

Navoiy viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2023–2025-yillar davomida belgilangan talablarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pullik tibbiy xizmatlarda 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyati hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyalari tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mazkur uchta tibbiyot muassasalariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish, 125 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.