Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan yagona talablar va standartlar asosida samarali nazoratni ta’minlash, tibbiy faoliyatni litsenziyalash va akkreditatsiyalash tizimining shaffofligini oshirish hamda uni bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida, qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) 2030-yilga qadar 3 000 dan ortiq davlat tibbiyot muassasalarini litsenziyalash talablariga moslashtirish;

(b) barcha davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – tibbiyot tashkilotlari) uchun yagona talablar o‘rnatish;

(v) tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini yagona talablar asosida Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga integratsiya qilish;

(g) tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish jarayonlariga kamida 75 ta milliy akkreditatsiyalash standartlarini joriy qilish;

(d) ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar va ularning sifatini elektron tizim orqali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish;

(j) tibbiyot tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va akkreditatsiyalash tartiblarini takomillashtirish orqali ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish.

II. Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha choralar

2. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(a) Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha ishchi organ sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan litsenziya berish hamda litsenziyalash bilan bog‘liq boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi;

(b) tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish bo‘yicha alohida tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;

(v) tibbiy faoliyatni litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish bo‘yicha:

(i) tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy qilinadi;

(ii) tekshiruv o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organga nisbatan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazilmasligiga oid talablar tatbiq qilinmaydi;

(iii) o‘tkaziladigan profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni ko‘zdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin;

(g) tibbiyot tashkilotlarini milliy akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolati belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tibbiyot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga ham beriladi.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

(a) davlat tibbiyot muassasalariga litsenziya berish orqali ularda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Bunda quyidagi muddatlarda litsenziya olinishi majburiy etib belgilanadi:

(i) respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2027-yil 1-aprelga qadar;

(ii) hududiy darajadagi davlat tibbiyot muassasalari – 2028-yil yakuniga qadar;

(iii) tuman (shahar) darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari – 2030-yil yakuniga qadar;

(b) 2028-yil 1-apreldan boshlab Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga milliy yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasi (keyingi o‘rinlarda – xalqaro akkreditatsiya)dan o‘tmagan respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnoma tuzish taqiqlanadi;

(v) xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari akkreditatsiya jarayonlari (tashqi baholash va o‘tkazilgan inspeksiya natijalari) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markazga kiritib boradi;

(g) milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkiloti litsenziyasining amal qilish muddati milliy yoki xalqaro akkreditatsiyaning amal qilish muddatiga mos ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan avtomatik tarzda uzaytiriladi.

III. Yagona talablar asosida tibbiy axborot tizimini joriy qilish

4. Belgilab qo‘yilsinki, 2027-yil 1-apreldan boshlab:

(a) tibbiy faoliyatni litsenziyalashda tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan yagona talablarga (standartlarga) moslashtirgan holda Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga majburiy tartibda bepul integratsiya qilish orqali ma’lumot almashinuvini ta’minlash shartlari kiritiladi;

(b) tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini, shuningdek, litsenziya talab va shartlariga amal qilinishini Markaz tomonidan axborot tizimida masofaviy baholab borish orqali nazorat qilish yo‘lga qo‘yiladi.

5. Sog‘liqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

(a) barcha tibbiyot tashkilotlari axborot tizimlariga qo‘yiladigan yagona talablarni (standartlarni) tasdiqlasin;

(b) tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollarning elektron shaklidan foydalanish imkonini beruvchi ma’lumotlar bazasini yaratsin va uning doimiy yangilanib borilishini ta’minlasin.

IV. Markaz faoliyatini samarali tashkil etish

6. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2028-yil yakuniga qadar Markaz Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyati (ISQua) xalqaro tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlasin.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi Markazning asoslantirilgan hisob-kitoblariga asosan Markaz faoliyatini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha axborot tizimini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash, xorijiy mutaxassislarni jalb etish uchun 2026-yilda vazirlikka ajratilgan Davlat budjeti mablag‘lar hisobidan Markazga 20 milliard so‘m ajratsin.

8. Sog‘liqni saqlash vazirligi akkreditatsiya va litsenziyalash bo‘yicha xalqaro standartlar asosida kadrlarni tayyorlash maqsadida
2026–2027-yillarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasining maqsadli stajirovka dasturlari orqali Markazning 20 nafar, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va o‘z dasturini taqdim qilgan tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning 5 nafar xodimining xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarida malaka oshirishini tashkil etsin.

9. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasi 51-uy manzilida joylashgan binosining umumiy foydalanish maydoni 2 000 kv.m dan iborat birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlari Markazga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berilsin.

10. Markazga o‘z faoliyatini jahon standartlariga muvofiqlashtirish, belgilangan vazifalarni samarali bajarish uchun malakali ekspertlar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, ekspertlik va tahliliy xizmatlarni “taklif so‘rovi” tartib-taomili orqali xarid qilish huquqi berilsin.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

11. Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda tibbiy faoliyatni litsenziyalashning yangilangan talab va shartlarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda bemor xavfsizligi hamda klinik protokollarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda litsenziya talabgorlari uchun tizimlashtirilgan tartibni joriy etish nazarda tutilsin.

13. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi:

(a) Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tashkil etsin hamda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirishga oid shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari va me’yorlarini qayta ko‘rib chiqib, ularni o‘zaro uyg‘unlashtirish va xalqaro talablarga moslashtirish choralarini ko‘rsin;

(b) Adliya vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari va me’yorlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlarni va loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishda davlat tashkilotlari mas’uliyatini oshirishga qaratilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri E.E. Adilov belgilansin.

16. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev