Qarorga ko‘ra, katta til modellari texnologiyasidan foydalanuvchi loyihalar uchun dasturiy interfeys orqali bepul ravishda 6 oygacha muddatda, bir kalendar oy davomida 10 million token hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Bir oyda 10 million tokendan ortiq foydalanilsa, qo‘shimcha 50 million tokengacha bo‘lgan hajm uchun to‘lovlar tariflarga muvofiq belgilanadi. Bunda tarif bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma taqdim etiladi, foydalanilmagan tokenlar keyingi oylarga o‘tkazilmaydi.
Katta til modellari hisoblanmaydigan sun’iy intellekt modellarini o‘rgatish, sinovdan o‘tkazish, validatsiya qilish, baholash va inferens maqsadlarida 6 oygacha bo‘lgan muddatga jami 120 gigabaytdan ko‘p bo‘lmagan videoxotira hajmi foydalanuvchi arizasiga muvofiq ajratiladi.
Imtiyozli foydalanish huquqi uchun loyihalar tanlov orqali saralab olinadi. Tanlov bir yilda ikki marotaba (iyul va noyabr oylarida) o‘tkaziladi, arizalar 100 balli tizim bo‘yicha baholanadi.
Tanlov natijalaridan norozi ishtirokchilar natijalar e’lon qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga elektron shaklda shikoyat berishga haqli. Shikoyat besh ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Bir foydalanuvchiga bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq loyihani amalga oshirishga ruxsat berilmaydi. Foydalanuvchilar olingan ma’lumotlarni nizomda belgilangan maqsadlardan tashqari qayta ishlash, uchinchi shaxslarga berish, nusxalash, tarqatish yoki tijorat maqsadlarida foydalanishga haqli emas (qonunchilik hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).