Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida “A” yo‘lagi uchun maxsus yo‘l chiziqlari chizildi. Shuningdek, ushbu yo‘lakni umumiy transport oqimidan ajratishga xizmat qiluvchi deliniatorlar — jismoniy ajratuvchi elementlar o‘rnatilmoqda.

Bu poytaxt uchun muhim yangilik hisoblanadi. Endilikda jamoat transportiga berilayotgan ustuvorlik faqat yo‘l chizig‘i bilan emas, balki yo‘lakni yanada ko‘rinadigan, tushunarli va intizomga chorlovchi qo‘shimcha elementlar bilan ham mustahkamlanmoqda.

Bu nima uchun kerak?

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya, shuningdek, Baku shahrida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar jamoat transporti harakat tezligini oshirish, tig‘iz vaqtlarda kechikishlarni kamaytirish hamda avtobuslar qatnov jadvalini barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.

Yirik megapolislar bunday yechimlardan tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transporti jozibadorligini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida foydalanmoqda.

Deliniatorlar esa alohida yo‘lak samaradorligini yanada kuchaytiradi: ular begona avtomobillarning avtobus yo‘lagiga kirib ketish ehtimolini kamaytiradi, tartibsiz qayta saflanishlarning oldini oladi va haydovchilarga jamoat transporti ustuvorligi qayerdan boshlanishini oldindan aniq ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, joriy yil davomida Toshkentning 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa elementlar ham bosqichma-bosqich qo‘llanadi.

Asosiy maqsad — Toshkentda avtobuslar harakatini tezroq, barqarorroq va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan tizimga aylantirish.

Jamoat transporti real ustuvorlikka ega bo‘lsa, bundan minglab yo‘lovchilar yutadi: yo‘lda sarflanadigan vaqt qisqaradi, qatnov qulayligi oshadi, yo‘llardagi yuklama kamayadi va zamonaviy shahar harakati madaniyati shakllanadi.