Ushbu dargohda ko‘rgazma zallari, kutubxona, konsept-stor, ta’lim maydonlari hamda uchrashuv va tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan jamoat hududlari o‘rin olgan. Qamrovining bu qadar kengligi uni butun Markaziy Osiyo mintaqasida shu turdagi birinchi raqamli majmua darajasiga olib chiqmoqda. 

Yangi madaniy klaster 1912-yilda qad rostlagan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashdi. Inshootning me’moriy transformatsiyasi dunyoga mashhur “Studio KO” byurosi tomonidan amalga oshirildi. Endilikda bu yerda ko‘rgazmalar, ilmiy izlanish jarayonlari, ma’ruzalar, ochiq muloqotlar, film namoyishlari, konsert va performanslar muntazam o‘tkazib boriladi.

Mamlakatimizda yana bir shunday nufuzli, zamonaviy maydonning vujudga kelgani alohida ahamiyatga ega. “CCA Tashkent” ijodkorlar, kuratorlar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, o‘zbekistonlik iste’dod egalarining yangi auditoriyaga chiqishi hamda xorijiy sahnalarda munosib e’tirof topishiga zamin yaratadi.

Mazkur loyiha Prezidentimizning tashabbuslari hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining katta sa’y-harakatlari natijasida ro‘yobga chiqdi.