Shu munosabat bilan Toshkentdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Oʻzbekiston va Mavrikiy turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi. Tadbir “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Mavrikiyning yetakchi turizm kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari, shuningdek, mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi. Uchrashuvda ikki tomonlama turizm loyihalarini yoʻlga qoʻyish va hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Dastlabki bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida jami 4 ta Toshkent — Mavrikiy — Toshkent qatnovini amalga oshirish rejalashtirilgan. 2027-yil iyunidan esa mazkur yoʻnalish boʻyicha haftasiga bir marta muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.

Yangi yoʻnalish Oʻzbekiston uchun Afrika qitʼasida yangi turizm bozorini ochish bilan birga, Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH davlatlaridan Mavrikiyga yoʻlovchilar oqimini yoʻnaltiruvchi tranzit markaz sifatidagi salohiyatini oshirishi kutilmoqda. Kelgusida Qozogʻiston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan sayyohlar Toshkent orqali Mavrikiyga borishi mumkin.

“Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedovning taʼkidlashicha, yangi aviaqatnovlar ikki tomonlama sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, Mavrikiy bozori Oʻzbekiston turizmi uchun yangi yoʻnalish sifatida ochiladi.

Uning qayd etishicha, Mavrikiy aholisining muayyan qismini hind-musulmon jamoalari tashkil etishi ziyorat va gastronomik turizmni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi. Bu orqali Mavrikiydan keladigan sayyohlarga Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi bilan bogʻliq qadamjolar hamda milliy oshxona anʼanalarini qamrab olgan maxsus turistik mahsulotlarni taklif etish imkoniyati kengayadi.

Aviaqatnovlar 2026-yildan har yili iyun–avgust oylarida amalga oshirilayotgan “Ochiq turizm mavsumi” dasturi doirasida yoʻlga qoʻyilmoqda.

Dastur doirasida yangi yoʻnalish ochayotgan aviakompaniyalarga har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 dollar subsidiya hamda aeroport xizmatlariga 20 foiz chegirma beriladi. Mahalliy turoperatorlarga esa uzoq xorijdan jalb qilingan har 1000 nafar turist uchun 5000 dollar subsidiya ajratiladi.