Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekologiya polisiya xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida Qushyog‘och mahallasi hududidagi tosh maydalash tsexi yaqinida qum-shagal aralashmasi qonunga xilof ravishda qazib olingani aniqlangan.

Noqonuniy qazib olingan aralashmaning hajmini belgilash uchun o‘lchov ishlariga marksheyder mutaxassislar jalb etilgan.

Shuningdek, qum-shagal aralashmasini tashishda foydalanilgan transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.