Mas’ul idoralar aholidan ehtiyotkor bo‘lish, daraxtlar, yengil konstruksiyalar va reklama vositalari yaqinida to‘planmaslikni so‘radi.
Toshkent shahrida 18 mayga o‘tar kechasi va tungi vaqtda kuchli shamol hamda yog‘ingarchilik kuzatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Vazirlik qayd etishicha, hozircha hodisalar oqibatida jarohat olgan fuqarolar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Hududlarda vaziyat FVV hamda tegishli xizmatlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
FVV aholidan kuchli shamol vaqtida ehtiyotkor bo‘lish, daraxtlar, yengil konstruksiyalar va reklama vositalari yaqinida to‘planmaslikni so‘radi. Zarur holatlarda 112, 1055 va (55) 515−10−50 raqamlariga murojaat qilish mumkinligi aytildi.
Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ob-havo keskin yomonlashgani sababli aholini ehtiyotkorlikka chaqirdi. Xususan, avtomobillarni daraxtlar va elektr uzatish liniyalari ostida qoldirmaslik, shahar bo‘ylab harakatlanishda ehtiyotkor bo‘lish hamda shaxsiy mulkni muhofaza qilish tavsiya etildi.
Shuningdek, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning ayrim hududlarida noqulay ob-havo, xususan kuchli shamol sabab elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelgan. Hozirda energetiklar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumani «S1» mavzesida daraxt avtomobil ustiga qulagani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, noqulay ob-havo ta’sirida tabiiy omillar sabab daraxt qulagan.
Hodisa oqibatida bitta avtotransport vositasiga zarar yetgan, jabrlanganlar yo‘q. Hudud nazoratga olingan bo‘lib, tegishli xizmatlar tomonidan bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.