Xususan, 21.01.2022-yildagi "Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-54-son Farmonga "qiyin" toifadagi tanlab olingan tumanlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga, shuningdek, "qiyin" mahallalarning "islohot dasturlari"ga kiritilgan ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qo‘shimcha kiritildi.

05.02.2026-yildagi PQ-49-son qarorda har bir "qiyin" mahalla "islohotlar dasturi"ni moliyalashtirish maqsadida tegishli mahalliy budjetdan ajratilgan har 1 mlrd so‘m uchun respublika budjetidan 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Bunda mahalliy budjet mablag‘lari bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanishga ruxsat beriladi.

"Islohotlar dasturi"ni amalga oshirish doirasida tuman (shahar) hokimligi, mahalla fuqarolar yig‘ini hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ijtimoiy shartnoma tuziladi. Bunda xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan ijtimoiy shartnomalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi.

Shuningdek, tuman (shahar) hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisiga mahallalarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (xizmat, ishni) elektron savdo platformalariga joylashtirish orqali realizatsiya qilishga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha vazifa yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan boshlab "qiyin" mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.06.2026-yildan kuchga kirdi.