Yangi tartibga ko‘ra, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi nafaqat ish beruvchi, balki Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan ham to‘lanadi.

Belgilanishicha, bir kalendar yilidagi mehnatga layoqatsizlik davrining dastlabki 5 kuni uchun to‘lov ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. 6-kundan boshlab esa nafaqa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Nafaqa kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan sug‘urtalangan shaxslarga tayinlanadi. Uning miqdori sug‘urta stajiga qarab belgilanadi:

  • 6 oydan 8 yilgacha sug‘urta stajiga ega shaxslarga — o‘rtacha oylik ish haqining 60 foizi;
  • 8 yildan ortiq stajga ega shaxslarga — o‘rtacha oylik ish haqining 80 foizi to‘lanadi.

Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan to‘rt nafar yoki undan ortiq farzandi bor fuqarolar hamda farzandlaridan kamida biri nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun staj koeffitsiyenti 20 foizga oshiriladi.

Nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha bo‘lgan qismi inobatga olinadi.

Yangi tartibga muvofiq, yil davomida mehnatga layoqatsizlik kunlari 77 kundan oshsa, staj koeffitsiyenti 10 foiz bandiga kamaytiriladi. Nafaqa esa kalendar yili mobaynida jami 182 kungacha bo‘lgan kasallik davri uchun to‘lanadi.

Farzand parvarishi bilan bog‘liq holatlarda ham qo‘shimcha imtiyozlar nazarda tutilgan. Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi bo‘yicha qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun berilgan varaqa bo‘yicha esa qo‘shimcha 40 kalendar kun uchun nafaqa Jamg‘arma tomonidan to‘lanadi.

Nafaqalarni moliyalashtirish muddatlari ham belgilangan. Oyning 1–15 sanalari oralig‘ida tayinlangan nafaqlar shu oyning 25 sanasiga qadar, 16–31 sanalari oralig‘ida tayinlanganlari esa keyingi oyning 10 sanasiga qadar to‘lab beriladi.