Bugungi kunda energetika, elektrotexnika va elektronika sohalarining jadal rivojlanishi mahsulotlar xavfsizligi, energiya samaradorligi hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda zamonaviy yondashuvlarni talab etmoqda. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr uskunalari va energiya tejovchi texnologiyalar keng joriy etilayotgan bir sharoitda sifat infratuzilmasi, standartlashtirish va bozor nazorati tizimlarining samarali ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or amaliyotlarni milliy tizimga joriy etish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda AQSHga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida AQSH Energetika vazirligi (United States Department of Energy — DOE) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvlarda energetika, elektrotexnika va elektronika sohalarida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda bozor nazorati tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

AQSH tajribasi: sifat va xavfsizlikni ta’minlashda kompleks yondashuv

AQSH tajribasi shuni ko‘rsatadiki, energetika sohasida xavfsizlik va samaradorlikni ta’minlash faqat texnologik rivojlanish bilan emas, balki mukammal standartlar tizimi, samarali muvofiqlikni baholash mexanizmlari hamda kuchli bozor nazorati orqali ta’minlanadi.

AQSH Energetika vazirligi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda energiya tizimlarining xavfsizligi, iqtisodiy samaradorligi va ekologik barqarorligini ta’minlashda standartlarning o‘rni alohida qayd etildi.

Xususan, elektr mahsulotlari va uskunalarini ishlab chiqarishdan boshlab, ularni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda texnik talablar, sinov jarayonlari va nazorat mexanizmlarining ahamiyati ta’kidlandi.

AQSH tajribasida iste’molchilarni sifatsiz va xavfli mahsulotlardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Bozor nazorati orqali texnik reglament va standart talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning muomalaga chiqarilishining oldi olinadi.

Sifatli mahsulot — xavfsiz energetikaning asosiy omili

Bugungi kunda dunyoda quyosh panellari, energiya saqlash tizimlari, elektr transport vositalari va boshqa zamonaviy energetika uskunalariga talab ortib bormoqda.

Biroq ushbu yo‘nalishdagi mahsulotlarning sifati va xavfsizligi masalasi doimo ustuvor bo‘lib qolmoqda. Sifatsiz elektr uskunalari va quyosh panellaridan foydalanish nafaqat iqtisodiy zarar, balki yong‘in xavfi, elektr xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar va atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois AQSH tajribasida bozor nazorati, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish, muvofiqlikni baholash va sertifikatlashtirish tizimlariga katta e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston uchun ham mazkur tajriba muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mahalliy bozorda xavfsiz, sifatli va xalqaro talablarga javob beradigan mahsulotlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

IEC bilan hamkorlik — xalqaro standartlarga integratsiya yo‘lida muhim qadam

O‘zbekistonning xalqaro standartlashtirish tizimidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC) bilan hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlantirilmoqda.

IECning a’zo davlatlar bo‘yicha direktori Katharine Fraga Pearson xonim bilan o‘tkazilgan muloqot davomida O‘zbekiston va IEC o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning IECga to‘laqonli a’zo davlat sifatida qo‘shilishi elektrotexnika, energetika va muhandislik infratuzilmasi sohalarida xalqaro standartlarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
IEC vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, standartlashtirish sohasidagi rivojlanish yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdilar.

To‘laqonli a’zolik O‘zbekistonga:

* xalqaro elektrotexnika standartlarini milliy standartlarga samarali tatbiq etish;
* mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish;
* elektrotexnika mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
* ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribalarni jalb etish imkonini beradi.

Inspeksiya faoliyatida xalqaro tajribadan foydalanish

AQSH va xalqaro tashkilotlar tajribasini o‘rganish natijasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish, inspektorlarning malakasini oshirish, zamonaviy nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha yangi yondashuvlar shakllanmoqda.

Xususan, elektrotexnika sohasida bozor nazoratini rivojlantirish, nazorat inspektorlari uchun trening-seminarlar, malaka oshirish dasturlari va amaliy stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Kelajak maqsadi — xalqaro talablarga javob beradigan xavfsiz va raqobatbardosh bozor

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik ishlari mamlakatimizda sifat infratuzilmasini rivojlantirish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash va ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

AQSH tajribasi, IEC kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik hamda ilg‘or standartlarni joriy etish orqali O‘zbekiston energetika va elektrotexnika sohalarida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xalqaro hamkorlikni izchil davom ettirish zamonaviy standartlar, innovatsion texnologiyalar va samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish orqali xavfsiz, barqaror va raqobatbardosh energetika tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

A.Abdurahmanov,
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasi direktori