Qo‘mitaga ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijlik fuqarolar B.K. va B.A. «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan reys bekor qilinganiга qaramay, chipta uchun to‘langan mablag‘lar qaytarilmayotganidan shikoyat qilgan.

O‘rganishlar davomida murojaatchilarda Boku — Toshkent — Bangkok hamda Bangkok — Toshkent — Boku yo‘nalishlari bo‘yicha aviachiptalar mavjudligi aniqlangan. Biroq aviakompaniya tomonidan 13 iyul kuni Toshkent — Bangkok va 20 iyul kuni Bangkok — Toshkent reyslari bekor qilingan.

Shu sababli yo‘lovchilar yangi aviachiptalar xarid qilib, safarlarini boshqa reyslar orqali amalga oshirgan.

Qayd etilishicha, aeroportda aviakompaniyaning rasmiy vakillari chipta qiymatini 100 foiz qaytarish huquqini tasdiqlovchi, aviakompaniya muhr qo‘yilgan rasmiy qaytarish dalolatnomasini bergan. Biroq mablag‘lar belgilangan muddatda yo‘lovchilarga qaytarilmagan.

Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari natijasida foydalanilmagan aviachiptalar uchun to‘langan 9 mln 700 ming so‘mdan ortiq, ya’ni 808,62 AQSH dollari mablag‘ yo‘lovchilarga «Centrum Air» tomonidan to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.

Shuningdek, yuzaga kelgan noqulayliklar inobatga olinib, aviakompaniya har ikki yo‘lovchiga «Centrum Air»ning istalgan muntazam yo‘nalishi bo‘yicha bir martalik bepul parvoz qilish imkonini beruvchi sertifikat taqdim etishga qaror qildi.