Zafarobod tuman hokimligi bergan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, «MAZ» rusumli yuk avtomobili chapga burilish vaqtida qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Zafarobod tumani hokimi G‘. Eshpo‘latov boshqaruvidagi «KIA SELTOS» rusumli xizmat avtomobili yo‘liga chiqib ketgan.

Oqibatda ikki avtomobil to‘qnashgan.

Hodisa natijasida tuman hokimi G‘. Eshpo‘latov va avtomobilda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan uning voyaga yetmagan o‘g‘li Sh. Eshpo‘latov turli darajadagi tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

«MAZ» haydovchisi B. Mo‘minov tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan 30 avgust kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.