Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan hamda xalq orasida “Chinni bozor” nomi bilan tanilgan “Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi”da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning (YATT) do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.

Natijada, tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali o‘zining shaxsiy bank plastik kartasiga o‘tkazib, YATT hisob raqamiga kirim qilmaganligi aniqlangan. 

Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori esa YATTga 160 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilishini aytib, uni bartaraf etib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan. 

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirig‘i bilan tadbirkordan ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida uning vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bu kabi qonunbuzilish holati Farg‘ona viloyatida ham kuzatilib, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buvayda tumani Elektr ta’minoti korxonasi muhandisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan noqonuniy ravishda 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Aniqlanishicha, muhandis o‘z hududida quyosh panellarini o‘rnatishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni mijoz sifatida tadbirkorga yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish bo‘yicha kerak bo‘ladigan hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.