Muzokaralar davomida tomonlar joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonning Moʻgʻulistonga eksporti 15,6 foizga oshganini qayd etib, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilinganini taʼkidladi.

Forumda sanoat kooperatsiyasi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Moʻgʻulistonning jun va kashmir mahsulotlarini Oʻzbekistonda qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish rejalari muhokama qilindi.

Agrosanoat sohasida esa 2029 yilga qadar Oʻzbekistondagi moʻgʻul qoʻylari sonini 1 milliontaga yetkazish, shuningdek, Moʻgʻulistonda Oʻzbekistonning sugʻorish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi.

Shuningdek, uchrashuvlarda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy – Moʻgʻuliston transport koridori boʻylab yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.

Geologiya sohasida Oʻzbekistonning tegishli vazirligi Ulan-Batordagi vakolatxonasi orqali konlarni oʻzlashtirish boʻyicha amaliy ishlar boshlanganini qayd etildi.

Forum doirasida Suzur Health Med, Prime Nomadic Meat, Tsamkhag Construction va boshqa kompaniyalar ishtirokida B2B hamda G2B uchrashuvlari oʻtkazildi. Ularning natijasida yangi investitsiya loyihalari shakllantirildi.

Tadbir yakunida qoʻshma tashabbuslarni doimiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.