Oʻzbekiston va Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli instituti oʻrtasida koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Xalqaro tuzilma bilan amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ICESCO kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda Toshkentda tashkilotning ofisi ochildi. Fevral oyida Islom olami madaniy merosi qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi yakunlariga koʻra, mamlakatimizning 7 ta moddiy va nomoddiy meros obyekti ICESCO roʻyxatiga kiritildi.

Muloqotda madaniy yodgorlik va qoʻlyozmalarni restavratsiyalash, muhofaza qilish hamda raqamlashtirish, yurtimizning boy tarixiy merosini xalqaro media platformalari orqali keng targʻib qilish, shuningdek, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun Salim al-Malikni yuksak mukofot – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.