Suhbat avvalida Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar tiladi.
Qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani, hamkorlikning yuqori surʼatlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi oʻsmoqda, qoʻshma korxonalar soni va muntazam aviaqatnovlar koʻpayib, istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar ham faol davom etyapti. Jumladan, Xatayda Oʻzbekistonga bagʻishlangan majmualar ochildi, Namangandagi Xalqaro maqom sanʼati festivali va Islom sivilizatsiyasi forumida Turkiya tomoni yuqori darajada qatnashdi.
Muloqotda oliy darajadagi kelishuvlar doirasida oldinda turgan ulkan reja va maqsadlarni birgalikda roʻyobga chiqarish masalalariga ham alohida urgʻu berildi.
Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanga rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishni taklif etdi.