Ushbu unutilmas kunda, avvalo, jang maydonlarida tengsiz jasorat koʻrsatib, insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qoʻshgan qahramon ota-bobolarimizning soʻnmas xotirasi oldida bosh egib, taʼzim qilamiz. Bugungi kunda oramizda sogʻ-omon yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga yuksak ehtiromimizni izhor etamiz.
Mustaqillik yillarida Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yoʻlida mardlarcha halok boʻlgan azm-u shijoatli harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini mehr va hurmat bilan yodga olamiz.
Muhtaram doʻstlar!
El-yurtimiz fashizmga qarshi kurashda dunyodagi barcha tinchliksevar xalqlar bilan bir safda turib, buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, fashizmga qarshi urushda oʻsha davrda 6 million 800 ming kishidan iborat boʻlgan respublikamiz aholisining 1 million 950 ming nafari ishtirok etgan.
Shundan yarim milliondan ziyod kishi jang maydonlarida halok boʻlib, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgan, 60 ming nafardan ortiq vatandoshimiz esa nogiron boʻlib qaytgan. Oradan shuncha yil oʻtgan boʻlsa-da, bu ayanchli raqamlar qalblarimizni hali ham iztirobga soladi.
Urush davrida 214 ming nafar oʻzbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan boʻlsa, ularning 301 nafari eng oliy nishon – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan, 70 nafar yurtdoshimiz esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
Oʻsha olovli yillarda xalqimiz “Hamma narsa front uchun, hamma narsa gʻalaba uchun!” deb kecha-yu kunduz buyuk safarbarlik ruhi bilan yashadi. Oʻzbekiston frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi. Insonparvarlikni buyuk qadriyatga aylantirgan xalqimiz urush hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 million 500 mingdan ortiq insonga, jumladan, ota-onasi va oilasidan judo boʻlgan 250 ming nafar bolaga boshpana berib, ularga mehr-oqibat koʻrsatdi.
Qadrli yurtdoshlar!
Gʻolib va muzaffar ota-bobolarimizning Vatanimiz ozodligi va xalqimiz osoyishtaligi himoyasi yoʻlidagi ibratli faoliyatini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish boʻyicha biz koʻplab ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda Toshkent shahrida bunyod etilgan Gʻalaba bogʻi hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” yodgorlik komplekslari xalqimiz uchun tabarruk maskanlarga aylanib bormoqda.
Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning sogʻlom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million soʻm miqdorida pul mukofotlari berilganini taʼkidlash lozim. Urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar, dam olish maskanlariga bepul va imtiyozli asosda yuborish boʻyicha samarali tizim faoliyat koʻrsatmoqda.
Ushbu munavvar ayyom kunlarida joylardagi hokimliklar, jamoatchilik va yoshlar vakillari urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning xonadonlarida boʻlib, oila aʼzolarining holidan xabar olib, ularga yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatmoqda.
Mamlakatimiz boʻylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira marosimlari, madaniy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ommaviy sport musobaqalari oʻtkazilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi gʻoyat tahlikali zamonning oʻzi barchamizdan jamiyatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi doʻstlik va totuvlik muhitini yanada qadrlab yashashni talab etmoqda.
Hech qachon unutmaylik, milliy birlik va hamjihatlik – bizning bebaho boyligimiz, barcha yutuq va gʻalabalarimizning mustahkam asosidir.
Hozirgi murakkab davrda Vatanimiz mustaqilligini, xalqimiz osoyishtaligini asrash, iqtisodiy qudratimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, jahon hamjamiyati, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni zararli taʼsirlardan himoya qilish biz uchun hal qiluvchi vazifa boʻlib qolmoqda. Ishonchim komil, bu borada 81 yil oldin gʻalaba bayrogʻini jahon uzra baland koʻtarishga munosib hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning, xalqimizning mardlik va matonat maktabi bizga madadkor kuch boʻlib xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, fashizm balosini bartaraf etishda jonbozlik koʻrsatgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni bugungi shonli bayram bilan samimiy tabriklab, ularga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni, hurmatli faxriylarimizni, butun el-yurtimizni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik va xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman.
Mehnatkash va donishmand xalqimiz hamisha omon boʻlsin!
Ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi qoʻllab-quvvatlasin!
Xotira va qadrlash ayyomi barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti