Bu haqda OAV uchun kontent tayyorlash markazida oʻtkazilgan brifingda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Aziza Nazarova maʼlum qildi.
Ikkinchi bosqich doirasida umumiy qiymati 625 mln AQSH dollari boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan 5 ta zamonaviy zavod barpo etilmoqda.
Loyihalar Xitoyning «Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology», «Wangneng Environment», «Henan Investment Group» hamda Koreya Respublikasining «Green Hammer» kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Yangi zavodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarini qamrab oladi.
Loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, har yili:
- 1,9 mln tonna qattiq maishiy chiqindi termik qayta ishlanadi;
- 635 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi;
- 158 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi;
- issiqxona gazlari chiqindilari 316 ming tonnagacha qisqartiriladi;
- 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Maʼlumot oʻrnida, loyihalarning birinchi bosqichida Xitoyning «China CAMC Engineering», «Shanghai SUS Environment» va «China Everbright International Limited» kompaniyalari tomonidan jami 933 mln AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan 6 ta zavod qurilishi boshlangan.
Birinchi bosqich loyihalari Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrini qamrab oladi.
Shu tariqa, ikki bosqich doirasida umumiy qiymati 1 mlrd 558 mln AQSH dollari boʻlgan 11 ta investitsiya loyihasi orqali respublika hududlarida chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarishning yaxlit tizimi yaratiladi.
Barcha zavodlarni 2027–2028-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushirish rejalashtirilgan.
Loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, respublikada yiliga jami:
- 5,4 mln tonna qattiq maishiy chiqindi termik qayta ishlanadi;
- 2,2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi;
- 1 500 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish boʻyicha bitimlarga muvofiq, zavodlarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi 30 yil davomida «Oʻzenergosotish» AJ tomonidan kafolatli ravishda xarid qilinadi.
Zavodlarda chiqindilarni yoqish jarayonida hosil boʻladigan zararli moddalarning atmosferaga tarqalishini cheklashga xizmat qiluvchi zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi. Bu hududlardagi ekologik holatni yaxshilash va chiqindilarni poligonlarga joylashtirish hajmini kamaytirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar taʼkidlayotganidek, mazkur loyihalar chiqindilarni shunchaki yoʻq qilish emas, balki ularni muqobil energiya va iqtisodiy resursga aylantirishga asoslangan yangi tizimni shakllantirishga qaratilgan.