Ayniqsa, keyingi yillarda dunyoning bir qancha mamlakatlarida roʻy bergan kuchli zilzilalar tufayli minglab odamlar qurbon boʻldi. Bu, albatta, koʻpchilikda katta tashvish uygʻotdi.

OʻzFA Seysmologiya instituti bosh ilmiy xodimi, akademik Qahhorboy ABDULLABEKOV bilan suhbatimiz tabiiy hodisa — zilzilalar haqida boʻldi.

— Koʻpchilik zilzilaning kelib chiqish sabablarini bilmaydi. Suhbatimiz avvalida shu haqda toʻxtalib oʻtsangiz.

— Odamlar juda qadim zamonlardan buyon zilzilaning kelib chiqish sabablari bilan qiziqib kelgan. Grek olimi Demokrit (eramizdan avvalgi 460-370-yillar) fikricha, zilzilalar qor, yomgʻir, dengiz va koʻllardagi suvlarning yer ostiga shimilishi natijasida roʻy beradi. Boshqa grek olimi Aristotel (eramizdan avvalgi 384-322-yillar) gʻor va boshqa boʻshliqlarda yigʻilib qolgan havoning katta bosim taʼsirida yer ostiga kirishini, oy tutilishini va dovullarni zilzilaning sababchisi, deb koʻrsatgan.

Oʻrta asrning mashhur qomusiy olimlari Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va keyinroq Zahiriddin Muhammad Bobur ham oʻz asarlarida zilzilaning sabab va oqibatlari haqida fikrlar bildirgan. Ular zilzilalar ayrim joylardagina sodir boʻlishi hamda yil fasllariga, Quyosh va Oy fazalariga bogʻliqligi haqida yozishgan. “Boburnoma”da zilzila kuchi yer ustida qanday tarqalishi haqida qimmatli fikrlar aytilgan.

Soʻnggi oʻn yilliklarda Yerning koinotda va Quyosh tizimida tutgan oʻrni, oʻlchamlari, fizik va kimyoviy xossalari, tuzilishi, undagi turli jarayonlar toʻgʻrisida geologiya, geofizika, geokimyo, astronomiya va yana bir nechta fanlar yordamida aniq maʼlumotlar olishga muvaffaq boʻlindi.                 

Zilzilaning kelib chiqish sabablari haqida hozirgi kunda, asosan, ikki xil fikr bor — fiksistik va mobilistik. Fiksistik fikrga koʻra, yerning chuqur qatlamlarida murakkab kimyoviy, fizikaviy jarayonlar toʻxtovsiz davom etadi. Ularning birinchisi, solishtirma ogʻirliklari ogʻir jinslarning doimo pastga, yengil jinslarning yuqoriga boʻlgan harakati. Ikkinchisi, radioaktivlik xossasi asosida bir jinsdan ikkinchisi hosil boʻlishi yoki jinslarning bir holatdan ikkinchi holatga oʻtishi natijasida energiya ajralishi.

Bunday reaksiyalar sodir boʻlishiga sabab yerning chuqur qatlamlarida juda katta bosim va issiqlik mavjudligidir. Energiyaning saqlanish qonuniga koʻra, u yoʻqolib ketmaydi. Demak, hosil boʻlgan energiya sarf boʻlishi kerak. Ushbu energiya yerning ostida juda katta hajmdagi jinslarni harakatga keltiradi. Energiyaning qanchalik kattaligini tasavvur qilish uchun Tyanshan, Pomir, Kavkaz yoki Himolay togʻlarini koʻz oldimizga keltirib koʻraylik. Masalan, birgina Tyanshanning oʻzi boʻyi va eni minglab kilometr boʻlgan ­maydonni egallagan ulkan “togʻ mamlakati”dir. Balandligi ayrim joylarda 4-5 kilometrdan ortadi. Ana shu ulkan togʻlarni hosil qiluvchi kuchlar zilzilalarga ham sabab boʻlishi ehtimoli bor.

Markaziy Osiyo hududida hozir togʻ hosil boʻlish jarayoni davom etmoqda. Ana shu togʻ hosil qiluvchi tektonik jarayonlar zilzila sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin. Eng asosiy sabab togʻ hosil qiluvchi yer osti kuchlarining maydon boʻylab bir tekisda tarqalmasligidir.

Tyanshan, oʻz navbatida, Fargʻona, Chotqol, Turkiston, Oloy, Zarafshon, Hisor kabi 10 ga yaqin togʻ tizmalaridan tashkil topgan. Togʻ tizmalari silsilasida Chuy va Fargʻona vodiylari, Toshkent vohasi joylashgan. Odatda togʻ tizmalari kattaroq tezlikda, ular oʻrtasidagi vohalar kamroq tezlikda harakat qiladi. Tezligi har xil boʻlgan qatlamlarda asta-sekin burilish­lar, egilishlar paydo boʻla boshlaydi va oxir-oqibat ularning sinishi-parchalanishiga olib keladi. Ana shu jarayon zilzilani keltirib chiqaradi. Yigʻilgan mexanik energiya elastik seysmik toʻlqinlar energiyasiga aylanadi va yer silkinishiga olib keladi.

Mobilistik fikrga koʻra, Yer shari oʻndan ortiq yirik plitaga boʻlingan. Ular turli yoʻnalishda gorizontal harakatga ega. Plitalarning oʻzaro toʻqnashuvi ulkan togʻlar hosil boʻlishiga, jumladan, zilzilalar roʻy berishiga olib keladi. Masalan, Markaziy Osiyodagi Tyanshan, Pomir, Hindikush togʻlarining paydo boʻlishi va zilzilaning kelib chiqishiga sabab Hind va Yevroosiyo plitalarining toʻqnashuvidir.

Xulosa qiladigan boʻlsak, togʻ hosil qiluvchi zilzilalarga olib keluvchi jarayonlar vertikal va gorizontal yoʻnalgan qoʻshimcha kuchlar taʼsirida roʻy beradi.

— Turli yillarda yuzaga kelgan ­tabiiy ofatlar tarixini yaxshi bilishimiz, undan zarur xulosa chiqarishimiz foydadan xoli boʻlmasa kerak?

— Yurtdoshlarimiz mamlakatimizda baʼzan kuchli, baʼzan kuchsiz zilzilalar roʻy berib turishini yaxshi biladi. Biroq inson tabiatida unutuvchanlik xususiyati mavjud. Masalan, yillar oʻtgan sari yuz bergan ­tabiiy ofatlar kulfatini yodimizdan chiqaramiz, suv toshishi yoki koʻchki ehtimoli boʻlgan yerlarga imoratlar quramiz va hokazo. Zilzila haqida ham shunday deyish mumkin.

Koʻpgina davlatlarda ming yil, hatto undan oldingi zilzilalarning tarixiy jadvallari tuzilgan. Afsuski, bizda bu maʼlumotlar toʻliq emas. Keyingi 100-200-yillik maʼlumotlar bor, xolos. Undan ilgarigilari toʻgʻrisida ayrim taxminiy maʼlumotlar saqlangan. Balki eski qoʻlyozmalarda, kitob­larda bizga nihoyatda zarur axborot saqlanayotgan boʻlishi mumkin. Bu sohada tarixchilarimiz, manbashunoslarimiz yordam qoʻlini choʻzsalar yaxshi boʻlardi.

Baʼzi manbalarda tarixda ayrim shaharlarimizda kuchli zilzilalar boʻlib oʻtganini oʻqiganmiz. Masalan, 838-839-yillarda Fargʻonada, 942-yilda Buxoroda, 1208-1209-yillarda Urganchda, 1490-yilda Samarqandda, 1494 hamda 1927-yillarda Namanganda, 1620-yilda Axsikentda, 1821-1822-yillarda Buxoro va Samarqand yaqinida, 1902-yilda Andijonda, 1868, 1924, 1938, 1966, 2008-yillarda Toshkentda, 1976, 1984-yillarda Gazlida va hokazo. Ularning eng dahshatlisi 1902-yili Andijonda roʻy bergan 9-10 balli va 1966-yili Toshkentda boʻlib oʻtgan 8 balli zilzila hisoblanadi.                              

Xullas, mamlakatimiz tabiiy ofatlardan xoli hududlardan emas.  Shunday ekan, biz, olimlar zilziladan betalafot oʻtish chora-tadbirlarini koʻrishimiz, iloji boricha uning zararli oqibatlarini bartaraf etish uchun qanday muammolar mavjudligini xalqimizga tushuntirib borishimiz lozim. Chunki Yer sharida yiliga oʻrta hisobda oʻn mingga yaqin kuchli va sezilarli zilzila sodir boʻladi. Ulardan 15-20 tasi fojiali oqibatlarga olib keladi.

Zilzilaning sodir boʻlish vaqtini oldindan aniq-tiniq aytish mushkul. Seysmik kuchlanishning ham oʻziga xos yillari mavjud. Masalan, oʻtgan asrimizning soʻnggi vaqtlarida seysmik jarayonlar 1905-1910, 1930-1950, 1955-1960-yillarda koʻproq kuzatilgan. Mutaxassislar fikricha, 1998-1999-yillar ham ana shu jarayonga kiradi va hali davom etishi ehtimoldan xoli emas.

— Baʼzan ommaviy axborot vositalarida “zilzila oʻchogʻi” degan atamaga duch kelamiz. Shu atama haqida maʼlumot berib oʻtsangiz.

— Bu tabiiy ofat yerning muayyan chuqurlikdagi qatlamlarida sodir boʻladi va atrof­ga tarqaladi. Yer silkingan joyni zilzila oʻchogʻi deymiz, oʻchoqning markazi gipotsentr deb ataladi. Gipotsentrning yer yuzidagi proyeksiyasi epitsentr deyiladi. Epitsentr va gipotsentr oraligʻidagi masofa yoki yer sathidan gipotsentrgacha boʻlgan oraliq zilzilaning chuqurligi hisoblanadi.

Oʻzbekistonda sodir boʻladigan zilzilalar asosan 10-20, janubroqda 30-40 ­kilometr, Afgʻonistonda esa 280-300 kilometr chuqurlikda sodir boʻlishi mumkin. Eng chuqur zilzilalar oʻchogʻi yer sathidan 700-750 kilometrgacha chuqurlikda Tinch okeani atrofida joylashgan.

Chuqurligiga qarab zilzilalar uchga boʻlinadi. Yer sathidan 70 kilometr chuqurlikkacha joylashganlari yer qobigʻi zilzilalari, 70 dan 300 kilometrgacha boʻlganlari oraliq yoki qobiq osti zilzilalari va 300 kilometrdan 700-750 kilometrgacha boʻlganlari chuqur fokusli zilzilalar hisoblanadi. Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda roʻy beradigan zilzilalarning barchasi birinchi guruhga kiradi.

— Muayyan nuqtada yuz bergan zilzila Yer sharining boshqa mintaqalariga ham taʼsir etishi mumkinmi?

— Albatta. Olimlar fikricha, Yer umumiy seysmik kuchlanishga ega. Demak, bir joydagi qattiq yer silkinishi oʻz ortidan boshqa kuchlanishlarni olib kelishi mumkin. Bu tabiiy oʻzgarishlar har doim ham bir xil kechavermaydi. Misol uchun, Yer yuzining baʼzi nuqtalaridagi kuchli zilzila boshqa joyni qoʻzgʻatishi ehtimoli bor.

Bizning mintaqamiz ham bundan xoli hudud emas. Keling, shu oʻrinda Oʻzbekis­tonning sharqidagi seysmik holatni 100-120-yil davomidagi natijalarini koʻrib chiqaylik. Gʻarbiy Tyanshan mintaqasidagi seysmik jarayon taxminan har 35 yilda davriy takrorlanib turadi. 20-25 yil davom etgan tinch holatdan soʻng yer qimirlashi kuchayib boradi. Navbatdagi jarayon soʻnggi 100-120-yil davomida 3-marta kuzatilgan. Demak, bu toʻrtinchi jarayon boshlanayotganidan dalolat bermoqda.

— Zilzila roʻy bergandan keyin baʼzan u yana takrorlanishi ham mumkin. Xalqimiz orasida “zilzila qaytdi” yoki “qaytmadi” degan iboralar uchrab turadi.

— Seysmik toʻlqinlar har xil tezlikka ega. Agar zilzila yaqin — 100-150 kilo­metrgacha masofada boʻlsa, toʻlqinlar birin-ketin tez yetib keladi, bir-biriga qoʻshiladi va ularni odamlar deyarli bir-biridan ajrata olmaydi. Agar masofa bir necha yuz kilometr va undan ortiq, boʻlsa, toʻlqinlar oldinma-keyin, lekin alohida-alohida yetib keladi.

Masalan, Afgʻonistonda 80-250 kilometr chuqurlikda zilzilalar tez-tez sodir boʻlib turadi va Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida seziladi. Toshkentga birinchi boʻylama toʻlqin yetib kelgandan keyin oradan 45-50 soniya oʻtgach, ­oldingisidan kuchliroq ikkinchi koʻndalang toʻlqin va yana bir ozdan keyin uchinchi yuza toʻlqin keladi. Bu shu yerda turgan odamda goʻyoki bir necha zilzila boʻlgandek tasavvur uygʻotadi.

— Yaqin yillarda Oʻzbekiston hududida zilzilalar boʻlish ehtimoli bormi? Bor boʻlsa, undan saqlanish uchun qanday chora-tadbirlar koʻrilyapti?

— Turli tabiiy ofatlar ichida inson kuchi yetmaydiganlaridan biri zilzila hisoblanadi. Fan uni yoʻq qilishga yoki toʻxtatishga hozircha ojiz. Biroq zilzilani toʻxtatish mumkin emas degani undan saqlanishning iloji yoʻq degan maʼnoni anglatmaydi. Undan qutulishning, yaʼni zarar koʻrmaslik, inson hayoti, qurilish inshootlari, barcha boyliklarimizni saqlab qolish imkoniyatlari bor. Buning uchun respublikamizning qaysi yerlarida qanday kuch bilan zilzila sodir boʻlishini koʻrsatadigan xaritalar tuzishimiz va barcha qurilish ishlarini shu xaritani hisobga olgan holda bajarishimiz kerak. Seysmologiya institutining eng muhim vazifalaridan biri ana shunday seysmik hududlashtirish xaritalarini tuzishdan iborat.

Hozircha Oʻzbekiston hududida tinch, kuchli zilzilalar chegaradosh yurtlarda kuzatilmoqda. Oʻzbekiston hududidagi tinch holat esa ortiqcha energiya toʻplanib qolganidan dalolat beradi. Oʻlkamizdan ancha uzoq boʻlgan Oloy togʻlari yon-atroflari xavfliroq hududlardan hisoblanib, kuchli zilzila 1895-1907-yillarda kuzatilgan. Ikkinchi hudud Turkiston togʻlari yon bagʻrida joylashgan. Uchinchi hudud Qoratogʻ yon-atrofi boʻlib, bu yerda kuchli zilzila 1907-yili sodir boʻlgan. Nihoyat, toʻrtinchisi Oʻzbekiston hududining shimoliy qismi boʻlib, bu yerda 1902-1906-yillarda 5-6 magnitudali zilzilalar roʻy bergan.

Yer silkinishi va uning darakchilarini kuzatish uchun Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida joylashgan maxsus stansiyalar mavjud, ular toʻxtovsiz nazorat ostida.

Zilziladan saqlanishning ikkinchi yoʻli — uni oldindan aytib berish masalasi. Seysmologiya fani zilzilani oldindan aytish imkoni bor, uning koʻpgina darakchilari mavjud, darakchilar esa aniq fizik kattaliklarga ega deb hisoblaydi. Darakchilarni kuzatish natijasida zilzila namoyon boʻlish qonuniyatlari topilgan va uni oldindan aytish usullari ishlab chiqilgan.

OʻzFA Seysmologiya institutining sobiq kompleks ekspeditsiyasi hozir Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi nomi bilan faoliyat koʻrsatyapti. Ular yurtimizning barcha viloyatlarida zilzila darakchilarini kuzatib boradi. Oʻtgan davr ichida bir qancha zilzilalarning joyi, kuchi va vaqti aytib berildi.

Keyingi 7-8 yilda sohaga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻndan ortiq farmon va qarori qabul qilindi. Seysmik va boshqa kompleks kuzatuv tizimi yangi zamonaviy asbob-uskunalarga almashtirildi. Kuzatuv punktlarining soni bir necha baravar oshdi. Institut ilgari faqat seysmik rayonlashtirish va zilzilalarni ­oldindan aytish muammolari bilan ­shugʻullangan boʻlsa, hozirgi kunda yangi yoʻnalishlar — seysmik xatarni baholash, zilziladan erta ogohlantirish, aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash va bosh­qa yoʻnalishlarda ilmiy-tashkiliy ishlar qilyapti. Ilgari faqat sobiq ittifoqning markaziy shaharlari bilan ilmiy hamkorlik qilgan boʻlsak, ayni paytda oʻndan ortiq chet el yetakchi tashkilotlari bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

— Ofat soʻrab kelmaydi, deydilar. U kutilmaganda roʻy beradi. Shunday holat yuz bergan taqdirda undan qanday saqlanish mumkin?

— Savolingiz oʻrinli. Eng muhimi, ofat chogʻida sarosimaga tushmaslik. Yer silkingan vaqtda va undan keyin ham qoʻrqinch­ni yengib, oʻzini boshqara olish, tebranish toʻxtaguncha uni kutish kerak. Koʻp qavatli uylarda yashaydiganlarga xonaning asosiy devori burchaklari yoki eshik kesakisiga oʻtib olish tavsiya etiladi. Har bir xonadon sohibi bunday joylarni oldindan aniqlab, uydagilariga, ayniqsa, bolalariga tushuntirib qoʻysa, foydadan xoli boʻlmaydi.

Lift yoki zinapoya maydonlariga yugurib chiqmaslik kerak. Chunki koʻp hollarda ushbu qurilmalar birinchi navbatda qulashi kuzatilgan. Javon yoki odamlar ustiga tushib ketishi mumkin boʻlgan ogʻir jihozlarni dam olish, yotish joyidan uzoqroqqa joylashtirgan maʼqul.

Yana shuni ham taʼkidlab oʻtmoqchimanki, favqulodda vaziyatlar chogʻida toʻgʻri harakat qilish koʻnikmasini bolalarimizda maktab davridayoq shakllantirib borish bilan birga ularni tabiiy ofatlardan saqlanish borasidagi bilimlar bilan qurollantirish ham yaxshi samara beradi.

— OʻzFA tarkibida Seysmologiya ins­tituti tashkil etilganiga yaqinda  60 yil toʻlar ekan...

— 1966-yil 26-aprelda poytaxtimizda roʻy bergan zilzila, uncha kuchli boʻlmasa ham, aholini juda koʻp tashvishga soldi. Sababi, oʻsha paytda seysmologiya sohasida  olib borilayotgan ishlar  yetarli emasdi. Asosiysi, keng omma boʻlayotgan tabiiy hodisalarga tushunmas, koʻplab vahimalar kelib chiqar, ularga qoniqarli javob olish ham qiyin edi. Bu, shubhasiz, yurtimizda Seysmologiya institutini tashkil etish zarurligini koʻrsatdi. 1966-yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida Seysmologiya instituti tashkil etildi.

Institut 60 yil davomida ulkan yoʻlni bosib oʻtdi, qisqa vaqt ichida kichkina ilmiy-tekshirish institutidan yirik ilmiy markazga aylandi. Respublikada bir necha ilmiy maktablar tashkil etilib, koʻplab kadrlar tayyorlandi, ilmiy kashfiyotlar qilindi. Seysmologiya instituti mustaqillik yillari olamshumul yutuqlarga erishdi. Respublikada tabiiy ofatlar zararini, ayniqsa, yer silkinishlarining koʻngilsiz oqibatlarini kamaytirish, aholini toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatish, kompleks seysmik kuzatishlarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash borasida muayyan ishlar qilindi.

Azamat SUYUNOV

suhbatlashdi.