Jumladan, byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshiriladi. Shu bilan birga, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori, davlat bojlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq miqdorlari ham koʻtariladi.
Agrar sohada urgʻochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.
Shuningdek, texnik koʻrikdan oʻtmagan gaz ballon uskunali avtomobillarga gaz toʻldirish taqiqlanadi. Yoqilgʻi va gaz quyish shoxobchalarida xizmat muddati oʻtgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi nomaʼlum boʻlgan ayrim uskunalardan foydalanish ham cheklanadi.
Turizm sohasida xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Mahalliy turoperatorlarning xorijda oʻtkazadigan axborot-tushuntirish tadbirlari xarajatlarining 25 foizigacha, biroq 500 million soʻmdan oshmagan qismi ham qoplanishi belgilangan.
Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlimga jalb qilish boʻyicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. Korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga esa ushbu sinflarda taʼlim olayotgan har bir oʻquvchi uchun davlat subsidiyasi ajratiladi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini qabul qilish uchun “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushiriladi. Boshpanasiz shaxslarni esa ularning roziligisiz sud qarori asosida ijtimoiy markazlarga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
Jamoat transportida ham yangi tartiblar joriy etiladi. Avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi terminallari bilan jihozlangan avtobuslarda yoʻlovchilar yoʻl haqini transport vositasiga chiqishda toʻlashlari lozim boʻladi. Shuningdek, poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yoʻl yoʻnalishlarida integratsiyalashgan toʻlov tizimi, jumladan, “elektropoyezd — avtobus” va “elektropoyezd — metro” tarif rejalari joriy etiladi.
Bundan tashqari, madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat yurituvchi ayrim subyektlar uchun soliq imtiyozlari beriladi. Jumladan, konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bilan shugʻullanuvchi subyektlar, nodavlat teatrlar va ayrim xususiy taʼlim tashkilotlari bir qator soliqlardan ozod etiladi.
Shu tariqa, 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekistonda aholi kundalik hayoti, mehnat munosabatlari, transport, ijtimoiy himoya va tadbirkorlik sohalariga daxldor qator yangi tartiblar kuchga kiradi.