Kengash qaroriga muvofiq Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi 2026-yil 9-iyul kuni o‘tkaziladi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, davlat boshqaruvi, qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, yong‘in xavfsizligi, farmatsevtika, ijtimoiy himoya, raqamli texnologiyalar, xalqaro hamkorlik hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qator muhim masalalar kiritildi.
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi va «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunlari, “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi Qonun shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, qurilish sohasida davlat nazorati, yong‘in xavfsizligi, davlat fuqarolik xizmati, farmatsevtika sohasi hamda boshqa qator yo‘nalishlarga oid qonunlar ham muhokama qilinadi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.
Bundan tashqari, boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.