Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Marosimda O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonidan rasmiy vakillar ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi temir yo‘l sohasidagi hamkorlikning samarasi, amalga oshirilayotgan loyihalar butun mintaqa transport-kommunikasiya tizimini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida foydalanishga topshirilgan 5-sonli Portga birinchi poyezd tarkibi qabul qilindi va yuk tushirish ishlariga rasmiy start berildi.

Tashrif davomida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbari Z.G.Narzullaev Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha muovini Mulla Abdulğani Barodar bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda «Hayraton-Mozori-Sharif» temir yo‘l liniyasi o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada oshirish muhokama qilindi.

Naibobod stansiyasi hududida qo‘shimcha 1650 metrlik shahobcha yo‘li qurish loyihasi muhokama qilindi. Loyiha yuk vagonlarini qayta ishlash hajmini oshirish, vagonlarning turib qolish vaqtini qisqartirish va temir yo‘l infratuzilmasining samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha muovini Mulla Abdulğani Barodar mazkur tashabbuslarni yuqori baholab, Jamoat ishlari vazirligi mutasaddilariga O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda texnik va qurilish ishlarini tezkor tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘z navbatida, Afg‘oniston Jamoat ishlari vaziri ham yuk tashish hajmlarini yanada ko‘paytirish muhim vazifa ekanligini ta’kidlab, bu borada qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirilayotgani, Afg‘oniston tomoni barcha kelayotgan yuklarni o‘z vaqtida qabul qilish va tushirish ishlarini ta’minlashga tayyor ekani bildirdi.